Toshkentda 5-dekabr kuni qancha odam metrodan foydalangani maʼlum boʻldi

Saqlash
15:12 / 06.12.2022 926 0

Toshkent metropoliteni ishchi xodimlari poytaxt aholisi va mehmonlariga murojaat yoʻllab, metropolitendan foydalanish qoidalariga doimiy amal qilishni soʻradi.

 

Qayd etilishicha, 5-dekabr sanasidan boshlab kunlar sovib ketishi munosabati bilan metrodan foydalanuvchi yoʻlovchilarning soni keskin oshgan. Oʻtgan haftaning bir kuniga nisbatan 105 ming (21%) yoʻlovchiga koʻpaygan.

 

Maʼlumot uchun, 2020-yil dekabr oyida bir kunda 240 ming yoʻlovchi, 2021-yil dekabr oyida bir kunda 400 ming yoʻlovchi tashilgan boʻlsa, 2022-yil dekabr oyida esa bir kunda 620 mingni tashkil qildi. Bu koʻrsatkich 2020-yilga nisbatan 380 mingga (258 foiz), 2021-yilga nisbatan 220 mingga (155 foiz) oshganini koʻrsatmoqda.

 

«Yoʻlovchilar ushbu vaziyatga toʻgʻri baho bergan holda metropolitendan foydalanish qoidalariga doimiy amal qilishlarini soʻraymiz. Harakatlanish vaqtida oʻzaro hurmatni saqlash, poyezd ichidagi yoʻlovchilar chiqib ketguniga qadar kirish uchun vagon eshiklari oldida turmaslik, manzilga kelgach poyezddan chiqish uchun imkon qadar tezroq harakat qilish, vagon eshiklariga suyanmaslik, shaxsiy buyumlarni vagon va metro hududida qoldirmaslik talab etiladi.

 

Yuqoridagi talablarga amal qilmaslik metro vagonlari eshiklari ishdan chiqishiga, har xil nosozliklar kelib chiqishiga va buning natijasida oraliq intervallarning uzayib ketishiga olib keladi», deyiladi murojaatda.

 

Shu bilan birga, metrodan doimiy tarzda foydalanuvchi yoʻlovchilar toʻlovni bank va transport kartalari orqali amalga oshirishsa, oʻz vaqtlarini tejashlari hamda kassa oldidagi tirbandlikni maksimal darajada kamaytirishiga xizmat qilishi eslatib oʻtilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish