Mirziyoyev Japarovni tugʻilgan kuni bilan tabrikladi

Saqlash
19:40 / 06.12.2022 971 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 6-dekabr kuni Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Oʻzbekiston Prezidenti Matbuot xizmati xabar berdi.

 

Suhbat avvalida davlat rahbari Qirgʻiziston yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, mustahkam sogʻlik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, qardosh Qirgʻiziston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilagan.

 

Suhbatda Oliy darajadagi kelishuvlarga muvofiq Oʻzbekiston-Qirgʻiziston yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotgani, mamlakatlar oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik jadal rivojlanayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etilgan.

 

Yaqinda muhim ikki tomonlama hujjatlar – Davlat chegarasining alohida uchastkalari toʻgʻrisida shartnoma va Andijon suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish toʻgʻrisida bitim imzolangani va ratifikatsiya qilingani amaliy hamkorlikning chuqurlashishiga, davlatlar va butun mintaqaning barqaror rivojlanishiga xizmat qilishi taʼkidlangan.

 

Davlat rahbarlari boʻlajak muloqotlarning kun tartibini sifat jihatidan boyitish maqsadida savdo shartnomalari va investitsiya dasturlari portfelini kengaytirish muhimligini qayd etdilar.

 

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek samimiy va doʻstona ruhda oʻtdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//