Madaniyat
Madaniy meros agentligi payariqlik fuqaroning qadimiy ekanini bilmasdan saklar davriga oid qozonni 29 yil roʻzgʻorda ishlatib kelgani haqida maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, ushbu noyob ashyo bundan 29 yil oldin topilgan. Faqat uni topib olganlar uning noyobligini bilmagan va uy-roʻzgʻor ishlarida foydalanib kelgan.
“Yaqinda Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi ilmiy xodimlari muzey toʻplamlarini boyitish maqsadida viloyatimiz boʻylab ekspeditsiyaga chiqishdi. Ekspeditsiya davomida aniqlangan bir qator ashyolar ichida saklarning bronza qozoni ayniqsa diqqatga sazovordir. Qozonning balandligi 37 sm, ogʻiz qismining diametri 52 sm.ni tashkil etadi. Qozon Yettisuv vohasi sak qabilalariga tegishli boʻlib, miloddan avvalgi II-I asrlarga oiddir.
Ushbu qozon 1993-yilda Payariq tumani Muhammadi qishlogʻi fuqarosi oʻsha vaqtda maktabda direktor boʻlib faoliyat yuritgan Anvar Shogʻdorov tomonidan Qaroqchi togʻi va Teshiktepa arxeologik yodgorligi oraligʻidagi adirdan kanal qazish vaqtida topib olingan. Ushbu hududda bronza qozonlarning aniqlanishi birinchi marta emas. Qaroqchi togʻining Qoʻshrabot tumanidan oʻtgan qismi yon bagʻrida joylashgan Sirliboytepadan, Payariq tumanidagi Koʻktepa arxeologik yodgorligidan ham saklarga oid bronza qozonlar topilgan. Shuningdek, 2017-yilda Kattaqoʻrgʻon tumanining Oqtov togʻlariga tutash Yilqihaydar qishlogʻidan ham mahalliy aholi tomonidan topilgan saklarning bronza qozoni muzey-qoʻriqxonaga topshirilgan”, — deyiladi agentlik xabarida.
Bronza qozonlar bugunga qadar Shimoliy Xitoydan to Dunay daryosi boʻyigacha boʻlgan hududlarning deyarli barcha yerida topib oʻrganilgan boʻlib, qozonlarni saklar, skiflar, sarmat va savromatlar kabi koʻchmanchi qabilalarning degrez ustalari ming yillar davomida quyib kelishgan va qimmatbaho buyum sifatida qadrlashgan.
Bronza qozonlarning qoʻllanilish borasida bir qator mutaxassislar oʻz fikrlarini bildirishgan boʻlib, ayrim tadqiqotchilar bunday idishlarda mast qiluvchi ichimlik tayyorlash bilan bir qatorda suyuq mahsulotlar uchun ishlatilganligini qayd etishadi. Xususan, eramizdan avvalgi V asrda yashagan yunon tarixchisi Gerodot oʻzining 9 tomli Tarix kitobida skiflar bunday qozonlardan goʻsht pishirishda, diniy marosimlarda, qurbonlik keltirishda foydalanishganligini qayd etadi. Kichik bronza qozonlaridan esa isiriqdon sifatida ham foydalanilganligi Oltoydagi Paziriq qoʻrgʻonidan topilgan ashyolarda oʻz aksini topgan.
Geografik nuqtai nazardan Yilqihaydar qishlogʻi, Sirliboytepa, Koʻktepa qoʻrgʻonlari va Muhammadi qishlogʻining Qaroqchi togʻiga tutash hududlari yagona — Nurota togʻ tizmalarida joylashgan boʻlib, ushbu hudud qadimdan chorvachilik uchun doim qulay boʻlganligi sababli bu yerda chorvador aholi asrlar davomida uzluksiz yashab kelganligini, bu yerda aniqlanayotgan koʻplab ashyolar misolida koʻrishimiz mumkin. Xususan, Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasining katta jamlanmasida saqlanayotgan koʻchmanchi qabilalarga mansub nayza va kamon uchlari (Kattaqoʻrgʻon tumani hududidan topilgan), jangovar bosh kiyim-shlem (Samarqand shahri janubidan topilgan) va boshqa ashyolar topilishi, ilk temir davriga oid koʻplab qoyatosh suratlarning kuzatilishi tasodifiy emas. Lekin ularning aksariyat hollarda tasodifan topilishi, topilgan joyini aniq bir yodgorlik, madaniy qatlam bilan bogʻlash qiyin ekanligi ushbu ashyolarni kelib chiqishi, ularning oʻziga xos xususiyatlari borasida aniq, toʻlaqonli fikr aytish imkonini bermaydi. Shu jihatdan, qadimiy ashyolar aniqlangan hududlarda keng qamrovli arxeologik izlanishlar olib borish, aniqlangan ashyolarni nafaqat morfologik, balki zamonaviy usullar yordamida tahlil qilish oʻtroq va chorvador aholi oʻrtasidagi munosabatlar, ularning moddiy madaniyati va boshqa masalalari borasida bir qator yangi, ilmiy asoslangan maʼlumotlarni qoʻlga kiritish imkonini beradi.
Jamiyat
Siyosat
Siyosat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q