Oʻzbekistonda 2022-yilda jami qancha paxta yetishtirilgani maʼlum qilindi

Saqlash
16:17 / 06.12.2022 1837 0

Oʻzbekistonda 2022-yilda 136 ta tumanda 134 ta paxta-toʻqimachilik klasterlari va ularga biriktirilgan 29 mingta fermer xoʻjaliklarida 1 mln 32 ming gektar maydonda gʻoʻza parvarishlandi, deb xabar bermoqda Qishloq xoʻjaligi vazirligi.

 

Joriy yilda oʻrtacha hosildorlik gektariga 34 sentnerni tashkil etdi va jami 3 mln 510 ming tonna paxta yetishtirilgan.

 

“Terib olingan paxtaning 90 foizdan ortigʻi yuqori sort va klasslarga sotildi. Bu esa paxta yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklarining iqtisodiy holatini yaxshilanishiga olib keladi. Yuqori hosildorlik qayta ishlash quvvatiga ega klasterlarning xomashyo manbaining koʻpayishiga xizmat qiladi. Joylarda 22,1 mingta terim otryadlari tashkil etilib, 1,8 mln nafar terimchi jalb qilindi.

 

Terimda 1 089 ta paxta terish mashinalari, 15 320 ta transport traktorlari va 24 900 ta tirkamalar qatnashishi taʼminlandi”, — deyiladi xabarda.

 

Vazirlik axborotida Oʻzbekistonda har gektar paxta maydonidan oʻrtacha hosildorlik 34 sentnerni tashkil qilgani va 24 ta tumanda 30 sentnergacha, 41 ta tumanda 30-35 sentner va 71 ta tumanda 35-40 sentner hosil olingani aytilgan.

 

Hududlar kesimida Qashqadaryo viloyatida 437 ming tonna, Buxoro viloyatida 360 ming tonna, Jizzax viloyatida 269 ming tonna, Samarqand viloyatida 258 ming tonna va Navoiy viloyatida 115 ming tonna paxta terilib, oʻtgan 2021-yilga nisbatan oʻrtacha hosildorlik 2,6-3,4 s/ga ga yuqori boʻldi.

 

Paxtani mexanizatsiya yordamida yigʻishtirib olish ishlariga alohida eʼtibor qaratilib, 1 089 ta paxta terish mashinalari bilan 632 ming tonna yoki 18 foiz paxta hosili terib olish yoʻlga qoʻyildi.

 

“Har besh kunda terimchilarga har kilogramm tergan paxtasi uchun oʻrtacha 1 600-2200 soʻmdan, mashinada terilgan 1 tonna paxta uchun 1,4 mln soʻmdan xizmat haqi toʻlab borildi va mavsumda 4 trln 669 mlrd soʻmdan ortiq terim pullari tarqatildi”, — deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//