Vazirlik shahrisabzlik oʻquvchilar sovuq havoda yupun kiyimda tadbirga jalb qilinganini tanqid ostiga oldi

Saqlash
17:37 / 01.12.2022 967 0

Xalq taʼlimi vazirligi Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahridagi 1-maktab oʻquvchilari sovuq havoda yupun kiyingan holda oʻzlariga mutlaqo aloqasi boʻlmagan tadbirga jalb etilganini tanqid ostiga oldi.

 

Oʻquvchilar Shahrisabz shahar Yoshlar ishlari agentligi va sektor rahbarlari Yoshlar daftarida turganlarga navbatdagi subsidiya asosida mehnat qurollarini va toʻlovlar uchun sertifikatlar topshirish marosimiga jalb etilgan. Suratlardan havo sovuqligini va tadbir davom etayotgan vaqtda kun botganini koʻrish mumkin.

 

Vazirlik mutasaddilarni ortiq bunday harakatlarga yoʻl qoʻymasliklari yuzasidan qatʼiy ogohlantirgan.

 

“Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan maktab oʻqituvchi va oʻquvchilarini maktab vaqtidan tashqari, ularning salomatligi hamda xavfsizligiga xavf soladigan turli tadbirlarga jalb qilmaslik boʻyicha doimiy ravishda ogohlantirib kelinadi.

 

Afsuski, shunga qaramay ushbu suratdagi kabi ayanchli holatlar yuzaga kelmoqda. Bolalarning maktabdan tashqari vaqtlarda tadbirga jalb etilishi va eng achinarlisi, sovuq ob-havo sharoitiga qaramay ularning yupun kiyimlarda ekanligi ushbu hududdagi har bir mutasaddining aybi deb hisoblaymiz.

 

Xalq taʼlimi vazirligi hudud mutasaddilari sanalgan hokimlar, sektor rahbarlari, huquq-tartibot organlari masʼullaridan taʼlim muassasada maktab vaqtidan tashqari tadbirlarni tashkil etayotganda maktab oʻquvchi va oʻqituvchilarini jalb qilib, bu kabi holatlarga yoʻl qoʻymasliklarini qatʼiy soʻrab qoladi. Shu bilan birga joylardagi xalq taʼlimi boshqarma, boʻlimlari va maktab rahbarlaridan ham tegishli xulosalar chiqargan holda, bunday harakatlarga yoʻl qoʻymasliklari yuzasidan qatʼiy ogohlantiriladi”, – deyiladi vazirlik munosabatida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//