Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qirgʻiz Respublikasi oʻrtasidagi davlat chegarasining alohida uchastkalari toʻgʻrisidagi shartnoma hamda Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish toʻgʻrisidagi bitimni ratifikatsiya qilishga oid qonunlarni imzoladi.
Davlat rahbarlarining siyosiy irodasi bilan ikki qardosh xalq oʻrtasidagi hurmat va yaxshi qoʻshnichilik mustahkamlanib, 30 yildan beri hal boʻlmayogan masalalar kelishilmoqda.
Mazkur xalqaro shartnomalar Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri V.Norov boshchiligidagi delegatsiyaning 2022-yil 3-noyabrda Bishkek shahriga tashrifi chogʻida imzolangan. Bu haqdagi qonunlar Qonunchilik palatasi tomonidan 2022-yil 14-noyabrda qabul qilingan va Senat tomonidan 2022-yil 18-noyabrda maʼqullangan. Ularni ratifikatsiya qilish boʻyicha Qirgʻiziston qonunlarini Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti 2022-yil 29-noyabrda imzolagan.
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qirgʻiz Respublikasi oʻrtasidagi davlat chegarasining alohida uchastkalari toʻgʻrisidagi shartnoma 13 ta moddadan iborat. Unda oʻzbek-qirgʻiz Davlat chegarasining 35 ta uchastkadagi umumiy uzunligi 302,29 km boʻlgan chizigʻi belgilandi.
Oʻzbekistonga 4957 gektardagi Andijon suv ombori hududi hamda toʻgʻonga xizmat koʻrsatish va uni muhofaza qilish uchun qoʻshimcha 19,5 gektar yer maydoni oʻtkaziladi, Qirgʻizistonga esa kompensatsiya tarzida 1019 gektar yaylov yerlari beriladi.
Shuningdek, Qirgʻizistonga Andijon suv omborining qurilmay qolgan Kampirobod chap qirgʻoq kanali uchun “Gʻovasoy” uchastkasidan 12 849 gektar yer maydoni kompensatsiya tarzida beriladi. Bunda, Qirgʻiziston tomoni “Gʻovasoy” daryosining tabiiy oqimiga toʻsqinlik qiladigan gidrotexnik va boshqa inshootlarni qurmaslik, suvning texnik ifloslanishiga yoʻl qoʻymaslik majburiyatini oladi.
Andijon suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish masalalasi va Soʻx tumanidagi “Chashma” bulogʻi joylashgan uchastka alohida shartnomalar bilan tartibga solinishi kelishib olindi.
Oʻzbek-qirgʻiz Davlat chegarasining ayrim uchastkalarida demarkatsiya ishlari toʻla tugallanmaguncha Davlat chegarasini nazorat qilish va qoʻriqlash yerdan haqiqiy foydalanish chegalari boʻylab amalga oshiriladi.
Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish toʻgʻrisidagi bitim 11 ta moddadan iborat. Unda Andijon suv ombori suv resurslarini birgalikda boshqarish boʻyicha Qoʻshma komissiya (Oʻzbekistondan – suv xoʻjaligi vaziri) tuzildi va uning faoliyati toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Oʻzbekiston va Qirgʻiziston tomonidan Bitimni amalga oshirish boʻyicha vakolatli davlat organlari (Oʻzbekiston tomonidan – Suv xoʻjaligi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi) va ularning oʻzaro hamkorlik qilish tartibi belgilab berildi.
Andijon suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish boʻyicha Bitim tomonlarining oʻzaro majburiyatlari aks ettirildi.
Oʻzbek tomoni suv omboridagi suv sathini 900 gorizontaldan yuqori boʻlmagan sathda ushlab turish, Qirgʻiziston fuqarolarining suv ombori suviga erkin kirishi va undan foydalanishini (hayvonlarga suv berish, sugʻorish, baliq ovlash) taʼminlash, atrofida muhandislik-texnik inshootlarni oʻrnatmaslik majburiyatlarini olgan. Qirgʻiziston tomoni suvni muhofaza qilish zonalari oʻrnatilishi, undan foydalanish rejimiga rioya etilishini taʼminlash majburiyatlarini olgan.
Andijon suv omborining xavfsizligini taʼminlash boʻyicha Oʻzbekiston va Qirgʻiziston tomonidan amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar kelishib olindi. Unga koʻra, Oʻzbekiston tomoni suv omborining xavfsizligini taʼminlaydi, ekspluatatsiya qiladi, texnik xizmat koʻrsatadi, Qirgʻiziston tomoni bilan kelishilgan limitlar doirasida suv chiqaradi.
Andijon suv ombori suv resurslarini birgalikda boshqarishning huquqiy asoslari yaratiladi. 2,5 million tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va 500 million dollar miqdoridagi mahsulotlarni eksport qilish uchun 8 mingga yaqin fermer xoʻjaliklarini suv bilan uzluksiz taʼminlash imkoniyati paydo boʻladi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q