“Birinchi oʻzbek razvedkachisi” tomonidan sotilgan jadid, depsinib turishimizning sababi, "Qodiriyni malollantirgan masala"lar haqida “Tafakkur” jurnalining yangi sonida oʻqing

Saqlash
16:24 / 30.11.2022 1375 0

"Millatlar, davlatlarning taraqqiyotida ergashtiruvchilarning dunyoqarashi, eʼtiqodi, maslagi, bilimi va shijoati muhim rol oʻynaydi. Oʻzbekistondagi ergashtiruvchi kuchlarning zamon talablariga javob berolmayotgani mutaraqqiy dunyodan ortda qolayotganimizning asosiy omili boʻlmoqda. Yanada aniqroq aytsak, bir joyda depsinib turishimizning sababi – olimlarimiz, arbob va sportchilarimiz, ziyoli va sanʼatkorlarimizning oʻrtamiyonalikdan yuksala olmayotganida..."

 

Moddiy va maʼnaviy hayotimizdagi ogʻriqlar haqida ikki olim suhbatini toʻligʻicha “Tafakkur” jurnalining 2022-yil 3-sonida oʻqing (“Bir siqim tuz haqi”).

 

«Shubha yoʻqki, Alisher Navoiy yaxshigina psixoanalitik ham boʻlgan. Shoir «Xamsa»dagi ikki asosiy muhabbat dostoni doʻlmish “Farhod va Shirin” hamda “Layli va Majnun”da ishqiy mayllar boshqargan oshiq obrazining ikki modelini beradi... Freyd ijodkor obrazini goʻdakka oʻxshatadi. Bola uychayu shaharchalar qurib oʻz olamini yaratgani kabi, ijodkor ham ong osti sathiga oʻtib ketgan mayl-istaklarini fantaziya yordamida qahramonlariga, xayoliy dunyosiga koʻchiradi».

 

Jurnalning navbatdagi maqolasi – “Navoiy va psixoanaliz”da muallif Nodira Ofoq bilan birga buyuk ijodkorning asarlarini freydizm mikroskopidan tahlil qilishingiz mumkin.

 

Bolsheviklar hukumatining yolgʻon gʻoyalarini avvaldan anglab, yurt mustaqilligi uchun kurashgan va “birinchi oʻzbek razvedkachisi” tomonidan sotilgan muftiy Sadriddinxon haqidagi faktlarga boy, tarixiy maqola – “Iymon va Gumon” ni ham nashrning 3-sonida oʻqishingiz mumkin.

 

Jurnalning keyingi sahifalarida “Yolgʻiz daraxt oʻrmon boʻlmas” maqolasi, “Oʻzimiznikilar va oʻzgalar” suhbati, "Jenya oʻzbek", “Bayoti Sheroz” hikoyalari, “Ibratxonami yo hasratxona?” bitiklarini oʻqishingiz mumkin.

 

“Talqin va tadqiqotlar” ruknida “Haqiqatning olmos qirralari”, "Qodiriyni malollantirgan masala", “Taʼlim bozor talabiga mosmi?”, “Mirzo Ulugʻbekning nodir surati”, “Filmlarda janrlar qorishuvi” haqida soʻz boradi.

 

Jurnal avvalida Molerdan keltirilgan quyidagi iqtibos esa mushtariyni mushohadaga chorlaydi: "Dongdor nasab ezgu amallarsiz bir pulga arzimaydi. Ajdodlar shon-shuhratiga ularga taassubimiz darajasidagina daxldormiz".

 

Tafakkuringizni boyituvchi yangi bilimlar, fikrlarga chanqoq boʻlsangiz, jurnalning yangi sonini, albatta, oʻqing.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//