Toshkent metropoliteni bekatlarini nomlashda “Ubaydullaxon” nomzodi oʻtmadi

Saqlash
15:17 / 30.11.2022 1161 0

Toshkent shahridagi metropoliten yer usti liniyasining Doʻstlik–Qoʻyliq va Olmazor–Sergeli yoʻnalishlarida joylashgan 19 ta bekatni nomlash, tashkiliy masalalarni muhokama qilish boʻyicha ishchi guruh yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

 

Toshkent shahridagi metropoliten yer usti liniyasi bekatlarini nomlashda metro yaqinida istiqomat qilayotgan mahalliy aholi, keng jamoatchilik fikrini yigʻish hamda ovozga qoʻyish maqsadida tez orada Toshkent shahar hokimligining maxsus veb-sahifasi ishga tushirilishi aytib oʻtilgan.

 

Keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan takliflar ustida ishlash maqsadida ishchi guruh tashkil qilingan boʻlib, unda mazkur masalaga masʼul boʻlgan davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan bir qatorda, olimlar, tarixchilar, filologlar, oʻlkashunos, blogerlar, toponimika sohasida katta tajribaga ega boʻlgan mutaxassislar taklif etilgan.

 

Yigʻilishda qatnashgan filolog, bloger Eldor Asanov bu haqda yozgan postida taklif-nomlarni ochiqlamagan, biroq “Ubaydullaxon” nomi qabul qilinmaganini bildirgan.

 

“Yaxshi toʻplanib, yaxshi takliflar berildi. Ham tarixiy nomlar, ham bugungi toponimiya inobatga olindi. Jimjimador yoki siyosiy nomlar tanlanmadi. Tarixiy shaxslar ham yaxshi tanlandi. Lekin Ubaydullaxon oʻtmadi”, – deb yozdi Asanov.

 

Qayd etish kerak, yerusti metropolitenining Doʻstlik–Qoʻyliq va Olmazor–Sergeli yoʻnalishlaridagi 19 ta bekati hozirda vaqtincha raqamlar bilan nomlangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//