Xorazmlik ayol turmush oʻrtogʻiga bir buyragini berdi

Saqlash
14:43 / 30.11.2022 878 0

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Xorazm filialida murakkab transplantatsiya amaliyoti — buyrak koʻchirib oʻtkazish operatsiyasi bajarildi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi xabar qildi.

 

Taʼkidlanishicha, bemor Davron Rajabov — Bogʻot tumanidan. U koʻp yillardan beri buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekib kelgan. Soʻnggi paytlarda esa ahvoli yanada ogʻirlashgan. Shifoxonaga murojaat qilganida mutaxassislar unga soʻnggi chora sifatida transplantatsiya amaliyotini tavsiya etgan.

 

Donorlik uchun turmush oʻrtogʻi — Kamola Saʼdullayevaning tibbiy tahlil natijalari mos kelgan. Ayoli esa eriga bir buyragini berishga qaror qilgan.

 

Operatsiya olti soatdan koʻproq vaqt davom etgan. Uni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va viloyat filiali jarrohlari oʻzaro hamkorlikda bajargan.

 

“Muhimi, amaliyot muvaffaqiyatli yakunlandi. Hozir bemorning ham, donorning ham ahvoli yaxshi. Har ikkisida tegishli standartlar asosida tibbiy muolajalar davom ettirilmoqda”, — deyiladi xabarda.

 

Taʼkidlanishicha, ushbu buyrak transplantatsiyasi viloyatda oʻtkazilgan shu turdagi sakkizinchi noyob amaliyot hisoblanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//