Siyosat
Sharof Rashidovning 34 yil muqaddam tan soqchisi boʻlib xizmat qilgan komissar Saʼdullo Muhamadqulov bilan Alisher Navoiy teatrining shundoqqina biqinidigi kafeda oʻtiribmiz, Sharof akaning “ogʻziga suv tomizib, lablarini hoʻllab, koʻz oʻngida tobora soʻnib borayotgan jondan pichirlab chiqayotgan minnatdorchilik soʻzlarini eshitgan, voqea sodir boʻlganidan keyin esa musulmonlar odati boʻyicha u kishining moʻtabar iyagini tangʻib qoʻygan” yigit shu kishi boʻladi. Umrining soʻnggi toʻrt yilidagi safarlarida farzandidek boʻlib qolgan bu yigit Sharof aka bilan birga yurgan. Yosh, ochiq chehrali, chaqqon, tan soqchilariga xos baquvvat va kelishgan bu yigit shuncha yil Sharof akaning oʻlimi haqidagi haqiqatni sir saqlab sochlariga oq tushgan, shunga qaramay, hamon koʻrkam, qatʼi, harakatlari tez va aniq, yuzida chiroyli kulgisi barq urib turibdi. Oldida turgan choynakni menga bermay oʻzi choy quyib uzatadi.
Butun sobiq Ittifoqni, barcha oʻzbekistonliklarni 34 yil qiynagan savollarni ichida saqlagan tansoqsi
Butun sobiq Ittifoqni, barcha oʻzbekistonliklarni 34 yil mobaynida qiynagan savollarni, voqealarni ichida saqlab yurib “yorilib ketmagani”ga hayron qolasan kishi. Komissar, tansoqchilarning qismati shuda, deyman oʻzimga oʻzim.
Sharof Rashidovning oʻlimi tafsilotlari haqida haqiqatan ham kamdan-kam odam xabardor boʻlgan.
– U kishining vafoti vaqtida yonida rafiqasi Xursandoy aya Gʻofurovna, men va vrach boʻlganmiz, – deydi xavfsizlik xizmatida uzoq yillar, mamlakatning Sharof Rashidovdan tashqari yana ikki rahbariga tansoqchilik qilgan zahiradagi KGB polkovnigi Saʼdullo Muhamadqulov.
Sharof Rashidovning vafotidan keyin uning oʻlimi sabablari toʻgʻrisida jahonning turli ommaviy axborot vositalari turli xabarlar tarqatishgan edi. Baʼzilar oʻzini otdi, boshqalar zahar ichib oʻldi, yana birovlar qaysidir xorijiy davlatga ketib qoldi, deb xabar berishgan.
Bu gaplardan hatto gʻarb davlatlari gazeta va jurnallari ham chetda qolmagan edi. Gap shundaki, bir kun oldin Oʻzbekiston televideniyesining “Axborot” dasturida Sharof akaning Xorazm viloyatidagi xizmat safari haqida axborot berilib, unda Urganch va Xiva shaharlariga tashrifi haqida hikoya qilingandi. Shundan bir kun avval sihat-salomat boʻlgan odamning toʻsatdan oʻlganiga hech kimning ishongisi kelmasdi.
Endi Saʼdullo oʻz koʻzi bilan koʻrgan voqealar tafsilotlari bilan birma-bir tanishib chiqaylik.
– Gapni sal ilgariroqdan boshlayman, – deydi Saʼdullo aka Muhamadqulov. – Oʻlimidan bir-bir yarim oy ilgari, 1983-yilining sentyabrida Sharof aka Sovet Ittifoqi delegatsiyasining rahbari sifatida Efiopiyada safarda boʻlgan edi. Afrika qitʼasidagi bu mamlakat dengiz sathidan juda balandda joylashganligi sababli tibbiyot taomiliga koʻra har bir rahbar Efiopiyaga kelganidan keyin kamida ikki soat yotib dam olishi va mamlakat iqlimiga moslashishi shart edi. Ammo Sharof aka har galgidek kamtarlik qilib dam olmadi. Bu esa uzoq muddat samolyotda parvoz qilish salomatligiga taʼsir koʻrsatmay qolgani yoʻq.
Efiopiya poytaxti Addis-Abebadan Moskvaga, undan keyin dam olmasdan Toshkentga uchib keladi, koʻp oʻtmay Toshkentdan yana Moskvaga uchib, 3-4 kun mobaynida KPSS Markaziy Qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan majlisda qatnashgani ham uning sogʻligʻiga taʼsir qiladi.
24-oktyabrda Toshkent-Urganch, 26-oktyabrda Urganch-Toshkent, 27-oktyabrda yana Toshkent-Urganch, 28-oktyabrda Urganch-Toʻrtkoʻl-Urganch marshrutlari boʻyicha samolyotda uchishlar ham Sharof Rashidov salomatligiga oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatdi. 24-30-oktyabr kunlari Sharof Rashidovich avtomashinada har kuni ertalab soat 9 dan kechki soat 8-9 largacha 250-300 kilometrdan yoʻl bosib, avvaliga Xorazm viloyati rayonlarini, keyin Qoraqalpogʻiston Avtonom Respublikasi rayonlarini aylanib, faollar bilan majlislar oʻtkazadi. Bu albatta 67 yoshga qarab ketayotgan, bir marta infarktni boshidan kechirgan, Ikkinchi jahon urushida olgan jarohatini tanasida olib yurgan kishidan qanchalik katta jismoniy va ruhiy kuch-quvvat talab etishini tasavvur qilib qoʻring.
Bu sabablar, yaʼni oʻzini oʻylamasdan, topshirilgan vazifani bajarish maqsadida, kamtarinlik qilib hamma yukni oʻz zimmasiga olish va xalqining obroʻ-eʼtibori uchun oʻzini qurbon qilish uning oʻlimiga sabab boʻluvchi oqibatlarni keltirib chiqardi.
Sharof Rashidovich boshqa hamkasblariga oʻxshab yilda ikki marta dam olgani yoʻq, paxta yigʻim-terimi siyosiy masala ekanligini, qolaversa oʻz ishiga fidoyiligi tufayli Moskvaning Markaziy shifoxonasida emas, hatto Markazqoʻmning Toshkentdagi birinchi statsionarida ham emas, balki xizmat safari vaqtida oʻzi yashaydigan torgina vagonda jon berdi.
“Koʻpchilik Sharof Rashidovichning oʻlimiga Haydar Aliyev bilan boʻlgan suhbat sabab boʻlgan, deyishadi”...
Koʻpchilik Sharof Rashidovichning oʻlimiga Haydar Aliyev bilan boʻlgan suhbat sabab boʻlgan, deyishadi. Bu unchalik toʻgʻri emas. KPSS Markaziy Qoʻmitasi Siyosiy byurosi aʼzosi, SSSR Ministrlar Soveti Raisining birinchi oʻrinbosari Haydar Aliyev boshchiligidagi Ittifoq delegatsiyasi Moskvadan Toshkentga 26-oktyabrda uchib keladi, Sharof Rashidovichning oʻzlari uni kutib oldi. Bundan bir kun oldin Sharof Rashidovich Urganchdan uchib kelgan edilar. Men navbatchilikni tansoqchi Volodya Bondarenko (V.Bondarenko – komissar, tansoqchi)dan qabul qilib oldim. Uyga borayotganimizda, mashinada Sharof aka keyingi uch kunlik programmani koʻrib chiqdilar va bu dasturni bajarish boʻyicha tegishli koʻrsatmalarni berdilar. Oxirida «Mulla Saʼdullo, siz biz bilan Urganchga birga uchasiz», – deb tayinladilar.
Men oʻsha kunning oʻzida aytilgan programma boʻyicha butun sistema (KGBning maxsus qoʻriqchilar tizimi)ni xabardor qildim. Ertasiga H.Aliyev boshchiligidagi tarkibida V.Dolgix, V.Tereshkova boʻlgan delegatsiyani kutib oldik. Mehmonlar rezidensiyada joylashgandan keyin ovqatlanishdi.
Keyin maxsus programmaga asosan Toshkent metropoliteni, “Xalqlar doʻstligi” syezdlar saroyi va boshqa obyektlarni tomosha qildilar. Sharof Rashidovichning oʻzlari hamrohlik qilganlari uchun men ham ular bilan birga boʻlib suhbatlariga guvoh boʻlganman. Ular siyosiy, iqtisodiy va boshqa muammolarni muhokama qildilar. H.Aliyev va Sh.Rashidov oʻrtasida yaxshi munosabatlar mavjud edi. Chunki ularning bundan avvalgi bir necha uchrashuvlari (Tbilisi, Yerevan va Moskvada) ana shunday ruhda oʻtganiga guvoh boʻlganman. Sharof Rashidovich H.Aliyev bilan kechki ovqatdan keyin xayrlashib mashinaga oʻtirganlarida kayfiyatlari yaxshi edi, chunki odatdagiday «qani, mulla Saʼdullo, “Mayak”ni qoʻyingchi, yangiliklarni eshitaylik», – deb iltimos qildilar.
Ertasiga 27-oktyabr ertalab soat 7.00 da G.Aliyev boshchiligidagi delegatsiyani Vyetnamga joʻnatib Sharof Rashidov 8.00 da Andrey Gromыko hamrohlik qilayotgan Finlyandiya delegatsiyasini Markazqoʻmda qabul qildilar. Soat 11 larda biz Doʻrmonga qaytayotganimizda Sharof Rashidov menga «mulla Saʼdullo, bugun soat 17.00 da Urganchga uchamiz, biz bilan birga uchasiz, bilasiza?» deb soʻradilar...
Men hamma topshiriqlarini bajarganligim va uchishga tayyorgarlik koʻrilganligi haqida axborot berdim.
Programma boʻyicha 27-oktyabr kechqurun 17.00 da YAK-40 samolyotida Urganchga uchdik. Sharof Rashidovichning salomatligi, kayfiyati yaxshi edi, ammo qattiq charchaganlari bilinib turardi. Oʻsha kuni kechqurun oʻzlarining yordamchilari Georgiy Alekseyevich Kraynov bilan ancha hujjatlar ustida vagondagi salon-mehmonxonada ishladilar va soat 23 larda dam olish uchun yotoqxonalariga kirib ketdilar. Havo salqin boʻlgani va charchaganliklari uchun sayr qilgani vagondan chiqmadilar.
28-oktyabr kuni ertalab soat 9.45 da avtomashinada borish uzoq boʻlgani uchun, Yak-40 samolyotida Qoraqalpogʻistonning Toʻrtkoʻl, Beruniy va Ellikqalʼa rayonlari xoʻjaliklaridagi paxta yigʻim-terimi ishlari bilan tanishish uchun Toʻrtkoʻl rayoniga uchib ketdik. U yerda Obkomning birinchi kotibi K.Kamolov, Sredazirsovxozstroy boshligʻi N.R.Xamrayev va avtonom respublikaning boshqa rahbarlari kutib oldilar. Aeroportda rahbarlar bilan qisqa suhbatdan keyin mutasaddi kishilar bilan birga xoʻjaliklarni koʻrish uchun chiqib ketdik.
28-oktyabr kuni Sharof Rashidovich charchaganligiga qaramasdan, avtonom respublikaning Toʻrtkoʻl, Ellikqalʼa va Beruniy rayonlarining paxta maydonlarini koʻrib chiqdi. Har bir xoʻjalik raisi, brigada boshliqlari, mexanizator va boshqa mutaxassislar bilan suhbatlashib kerakli maslahatlar va topshiriqlarni berdi. Bundan tashqari, har bir rayonning oldindan belgilangan xoʻjaligida, rayon aktivlari bilan suhbatlashib, ularga paxta planini bajarishda koʻrsatayotgan jonbozliklari uchun minnatdorchilik bildirib, respublika paxta xirmoniga iloji boricha koʻproq paxta topshirishlarini ulardan iltimos qilib soʻrar edi. Aktivda qatnashganlarning savollariga javob berar, mavjud muammolarni oʻsha yerning oʻzida, agar iloji boʻlmasa Toshkentdagi kerakli rahbarlarga telefon orqali topshiriq berib hal qilar edi.
Shu kuni Ellikqalʼa kolxozlaridan birida paxta terishga hasharga chiqqan oqsoqollar bilan suhbat qilib, ulardan xalqning kayfiyati, hol-ahvoli va kamchiliklari haqida soʻradi. Oqsoqollar qishloqlardagi vaziyat, xalqning turmush sharoiti va QQASSR ning paxta topshirishda ikkinchi oʻrinda ketayotganidan xursand boʻlib gapirdilar. Odatdagiday 3-4 kishining yashash sharoitidagi kamchiliklar haqida oqsoqollar gapirib berdilar. Biz bu kamchiliklarni yozib oldik va Sharof Rashidovich mutasaddi rahbarlarga koʻrsatma bergandan keyin, oqsoqollarga bu topshiriqlarning bajarilishini shaxsan oʻzi nazorat qilishga vaʼda berdi.
Odatda Sharof Rashidovich qaysi viloyatga bormasin, oqsoqollar bilan albatta suhbatlashar, ularning maslahatlarini olar va boshqalar yashirishga harakat qilgan haqiqatni ulardan bilib olar edi. Tushgan shikoyat va arizalarning ijrosini shaxsan nazoratga olardi.
Shu kuni kechqurun 18.00 da Urganchga samolyotda qaytdik.
29-oktyabr kuni Sharof Rashidovich Urganch va Xiva shaharlarining baʼzi obyektlarini hamda Xiva rayonining xoʻjaliklarini koʻrib chiqdi. Oʻsha kuni kechqurun Sharof Rashidovich meni chaqirib, «30-oktyabrda Urganchda viloyat partiya qoʻmitasining Plenumi boʻladi. Biz Plenumni oʻtkazib, kechqurun Nukusga yetib boramiz. Siz, uka, vagonlarni Nukusdagi temir yoʻl tupigi (temiryoʻlning Sharof akaning vagoni turadigan boshi berk yoʻlagi)ga joylashtirib, kerakli ishlarni bajarib, bizlarni kutib olasiz», – deb topshiriq berdilar.
30-oktyabr kuni ertalab Sharof Rashidovich Xorazm viloyati partiya komitetiga joʻnab ketdilar. U kishiga yordamchilari G.A.Kraynov, viloyat partiya komitetining 1-kotibi M.Xudoyberganov va bir oydan beri xos soqchi boʻlib ishlayotgan A.Filatov hamrohlik qilib ketdilar.
Soat 11.00 da biz Sharof akaning maxsus vagonida Nukusga joʻnab ketdik. Shu kuni soat 14 da Nukusga yetib bordik va soat 16 da vagonni maxsus tupikda joylashtirib, kerakli aloqa tizimlarni oʻrnatdik, hamda xavfsizlik bilan bogʻliq hamma zarur chora-tadbirlarni oʻtkazib, Sh.Rashidovni kuta boshladik.
Soat 17.20 da Sharof Rashidovich Qoraqalpogʻiston viloyat partiya qoʻmitasining birinchi kotibi, qudasi Qalibek Kamolov hamrohligida Amudaryoning panton koʻprigidan oʻtib Gurlan-Amudaryo-Nukus marshruti bilan “tupik”ga yetib keldilar. Amudaryo rayonining Krupskaya nomli kolxozida tushlik qildilar. Charchaganlariga qaramay Gurlan va Amudaryo rayonlarining xoʻjaliklarini koʻrib chiqdilar. Tupikga kelganlaridan keyin vagonda Qalibek Kamolov va uning ayoli Lyubov Semenovna bilan soat 18 dan 19 gacha suhbatlashib oʻtirishdi.
Hammalarining kayfiyatlari yomon emas edi. Q.Kamalov xotini bilan chiqib ketayotganda ertangi programma va marshrutlarni Sharof Rashidovich bilan kelishib oldi. Ular ketgandan keyin Sharof Rashidovich odatdagidek rafiqalari bilan sayr qila boshladilar. U kishining yordamchilari Obkomdan kelib Sharof Rashidovich bilan suhbatlashdi...
Qisqa ekskurs:
... Bilmadim, birovga aytganmi-yoʻqmi bu gapni? Har gal Sharof aka bilan paxta dalasida boʻlib oʻtgan suhbatimizni eslaganimda men Sharof akaning oʻlimidan ikki yarim kun avval oʻsha Xorazm viloyatidagi Shovot tumani paxta dalasida menga nimadir demoqchi boʻlib ogʻiz juftlaganiyu, biroq negadir jim qolib, soʻng: «Shundoq kelishdika, mulla Irismat?» – deya hayoli parishon holda gapirgan holatini eslayman.
“Biz buni albatta tekshirib koʻramiz”...
Sharof akaning nima demoqchi ekanligini hozir ham bilmayman, lekin shu kunlari roʻy bergan ayrim voqealardan xabar topdim.
1983-yil 29-oktyabr (oʻlimidan ikki kun avval) Sharof aka Andropovga telefon qilib:
Yuriy Vladimirovich, Xorazm viloyat paxtakorlari yillik rejani bajardilar, – deb koʻtarinki ruhda raport berganida Andropov qutlov oʻrniga:
– Biz buni albatta tekshirib koʻramiz, – deb dagʻdagʻa qiladi va telefon trubkasida Sharof akaning qulogʻiga qandaydir zaharxanda kulgi eshitiladi.
Shundan soʻng endi Adropov Rashidovga telefon qiladi:
– Sharaf, 3 million tonna paxta boʻladimi?, – deb soʻraydi.
– Boʻladi, Yuriy Vladimirovich, – deb javob beradi Sharof aka.
Shundan keyin Sharof aka uch kun paxta dalalarini aylanadi. Toshkentga qaytganda, telefon goʻshagida yana Yuriy Vladimirovichning ovozini eshitadi:
– Xoʻsh, Sharaf, paxta boʻladimi, yana oʻzing qara, chorasini koʻr. Agar uddasidan chiqmasang, bilib qoʻy, menga javob berasan!, – deydi oʻdagʻaylab (G.Sh.Rashidova, D.A.Komilov “Sharof Rashidov: Inson – davr koʻzgusida va davr – inson taqdirida”. «TASVIR”. Toshkent – 2017 y).
Shundan keyin Sharof Rashidovich Xursand Gʻofurovna bilan vagon oldidagi uzunligi 50-60 metr keladigan yoʻlakda, bilmadik, ne hayollar bilan sayr qiladi.
Saʼdullo Mamatqulov gapida davom etdi:
– Yoʻlakda 2-marta oxirigacha borib kelgandan keyin uchinchi marta 15 metrlar yurib Sharof Rashidovich birdan toʻxtab Xursand Gʻofurovnaga boshlari qattiq ogʻriy boshlaganini aytdilar. Xursand Gʻofurovna mendan darrov 2 ta stul olib chiqishni soʻradilar. Vagonlar yonida 3-4 minut oʻtirgandan keyin, ranglari oqarib, peshanalari terlay boshladi. Shunda men tezda vrachni ikkinchi vagondan chaqirdim va hammamiz Sharof Rashidovichni qoʻltigʻidan suyab vagonga olib kirdik.
Yotoqxonalari kichik boʻlgani sababli Xursand Gʻofurovnaning maslahatlari bilan salondagi divanga yotqizdik. Shu zahoti, vrach B.P.Naumov qon bosimlarini oʻlchaguncha, men kardiografni tayyorlab qoʻydim. Sharof Rashidovichning qon bosimlari 115 ga 80, kardiogrammalaridagi oʻzgarishlar esa infarkt boʻlganlaridan dalolat berar edi.
Vrach darrov zarur boʻlgan dorilarni berib, bir nechta ukol qildi. Sharof Rashidovich bosh ogʻriqlari kuchayayotganligi va yuraklari ham ogʻriyotganini aytdilar. Shundan soʻng vrach yana kerakli ukollarni qildi. Men Xursand Gʻofurovna va vrach bilan maslahatlashib Toshkentdan Markazkomning ishlar boshqaruvchisi Tursun Umarovich Umarovga telefon qildim.
Aniqki, telefon orqali ochiqchasiga Respublikaning birinchi rahbari haqida, uning ogʻirlashayotgan sogʻligʻi haqida ochiq telefon orqali bor gapni aytib boʻlmas edi. Shunda men Tursun Umarovichga:
– Tursun Umarovich, men oʻzimni yomon sezyapman. Tobim qochdi shekilli. Ahvolim yaxshi emas, iltimos, Anvar Sattorovichni (Oʻzbekiston SSR Sogʻliqni saqlash vazirligi 4-bosh boshqarmasi boshligʻi), professor R.A.Katsenovich (Respublika Kardiologiya markazining direktori), kardiolog Karim aka Yoʻldoshevni (professor, respublikada yetakchi kardiologlardan biri), reanimatsiya hamshiramiz borku (reanimatsiya sohasida katta tajribaga ega boʻlgan hamshira), uni zudlik bilan Nukusga uchirib yuborsangiz.
Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Qoʻmitasining tajribali ish boshqaruvchisi Tursun Umarovich:
– Men sizni tushundim, Saʼdullaxon, zudlik bilan joʻnataman, kutinglar, dedi vaziyatni tezda anglab olgan va bunday hollarda telefon orqali gaplashish qonun-qoidalariga qatʼiy rioya qiladigan Tursun Umarovich.
Toshkentdan yetib borgan shifokorlar
Ikki-ikki yarim soatga qolar-qolmas Toshkentdan shifokorlar yetib kelishdi.
Qilingan muolaja, ukollar va berilgan dorilardan keyin Sharof Rashidovichning ahvoli ancha yaxshilandi. Toshkentdan tibbiy guruh kelguniga qadar vrach uch marta Sharof Rashidovichning qon bosimini oʻlchab, yuraklarini kardiogramma qildi. Qon bosimi borgan sari pasayib kardiogrammada har gal yangi oʻzgarishlar paydo boʻlayotgan edi.
Yarim soatdan keyin Sharof Rashidovich yana bezovta boʻla boshladi. Toshkentdan kelgan vrachlar zarur boʻlgan tekshirishlarni yana bir marta oʻtkazishdi va vrach birinchi qoʻygan diagnozini tasdiqlashdi.
Soat 19.40 da Sharof Rashidovichning bosh ogʻrigʻi yana kuchaya boshlaganda kerakli ukollar takroran qilindi. Shundan keyin Sharof Rashidovich uxladi.
Sharof Rashidovich ikkinchi marta infarkt kasaliga yoʻliqqan edi. Vrachlar maslahatlashgandan keyin Sharof Rashidovichga yana bir necha ukollar qilindi.
1983-yilning 31-oktyabr kechasi soat 1 larga borib Sharof Rashidovich ancha tinchlandilar. Lekin chap qoʻllari ogʻriyotgani va sovuq qotayotganini aytdilar.
Xursand Gʻofurovna va men Sharof Rashidovichning qoʻlini navbat bilan silab isitib turdik.
Soat 1.30 da Sharof Rashidovich menga vrachlarni vagonga joylashtirib, ovqatlantirishni iltimos qildilar. Men u kishining topshiriqlarini bajarib, axborot berdim.
Sharof Rashidovich tirsaklari ogʻriyotganini aytganda vrachlar yana bir necha ukol qilishdi.
Sharof Rashidovichning yonlarida Xursand Gʻofurovna, vrach va men qoldik. Sharof Rashidovich uxlagan boʻlsa ham notinchligi koʻrinib turardi.
Yuraklarni yorib yuboradigan chinqiriq
Soat 2 larga yaqin Sharof Rashidovich chap qoʻli bilan yuragini silab qoʻydi.
Bir necha minutdan keyin u kishi juda bezovta boʻldi. Men darrov Toshkentdan kelgan vrachlarni chaqirdim.
Ular Sharof Rashidovichga kislorod yetishmayotganini aytishdi. Men vrach bilan maslahatlashib kechqurun “tez yordam” mashinasida kerak boʻladigan barcha jihozlar va dori-darmonlarni vagon oldiga olib kelib tayyorlab qoʻygan edim.
Sharof Rashidovich kislorod shlangini avval oʻzlari ushlab yotdilar. Keyin men iltimos qilib, u kishining qoʻlidan kislorod shlangini olib kislorod berib turdim.
Vaqti-vaqti bilan Sharof Rashidovich soʻraganda koʻk choy berib turdik. U kishi 2-marta oz-ozdan qayd qildi. Tashqaridan qaraganda sezdirmasak ham, Xursandoy aya va men qattiq xavotir qila boshladik.
Soat 3.30 larda Sharof Rashidovich qattiq yoʻtala boshladi va nafas olishlarida xirillash paydo boʻldi.
Soat 4 larga qadar kislorod Sharof Rashidovichning nafas olishiga yordam berib turdi. Lekin soat 4 dan keyin kislorod miqdorini koʻpaytirganda ham u kishiga havo yetmayotgani sezilar edi.
Soat 4.12 da Sharof Rashidovich suv soʻradilar. Men darrov u kishiga iliq koʻk choy berdim. Bir qultum choy ichib “rahmat” dedilar. Men yana ozroq ichishini soʻradim, Sharof aka choydan ozroq ichib “rahmat, uka”, deb minnatdorchilik bildirdi.
Shundan keyin Sharof Rashidovich Xursand Gʻofurovna bilan 5-7 minut kasalligi toʻgʻrisida oʻzaro gaplashishdi. Vagondagilarning barchasi hamma narsani tushunib turar, lekin hech kim hech narsa qila olmas edi. Men Sharof aka bilan Xursandoy aya gaplaridan oʻzimni sal chetroqqa olib turdim.
Koʻp oʻtmay Sharof aka biroz bezovtalanib, keyin jim boʻlib qoldi. U kishi hushidan ketgan edi.
Vrachlar shoshilinch ravishda kerakli dori-darmonlar qilishdi. Doktor B.P.Naumov Sharof Rashidovichning yuragini massaj qilib sunʼiy nafas oldirishga harakat qildi.
4.30 larda defibrillyatorni ishlatdik, lekin oʻzgarish boʻlmadi.
4.55 larda yana ishlatdik, harakatlar foyda bermadi.
Shundan soʻng oxirgi imkoniyat – bevosita yurakka ukol qilishdi, ammo bu ham yordam bergani yoʻq.
Soat 5.02 da Sharof Rashidovichning hayotdan koʻz yumganini aytishdi.
Vagonda Xursandoy ayaning yuraklarni yorib yuborgudek chinqirigʻi eshitildi...
Hammamiz qotib qoldik.
Keyin men chiqib G.A.Kraynovga maʼlum qilganimdan keyin u kishi Markaziy Qoʻmita kotibi O.U.Salimovga, hamon oʻpkasini ololmayotgan Xursand Gʻofurovna qizlari Dilorom Sharafovnaga va men Davlat Xavfsizlik Komitetining raisi V.A.Golovinga Sharof Rashidovichning dunyodan oʻtganligi haqida xabar berdik.
Ertalab soat 7 larda yigʻidan koʻzlari qizarib, shishib ketgan Sharof Rashidovichning oʻgʻli Ilhom Sharafovich yetib keldi.
Men Sharof Rashidovichning iyaklarini bogʻlab, oppoq choyshablarga oʻradim va boshqalar bilan birga tibbiy nosilkaga qoʻyib, soat 8.30 da TU-134 samolyotida Toshkentga uchdik.
Ikki soatdan keyin, soat 10.20 da Toshkentga yetib keldik.
Sharof Rashidovichning jasadi qoʻyilgan mikroavtobus ichida Byuro aʼzolari mendan nima boʻlganini gapirib berishimni soʻradilar. Men ularga oxirgi ikki kunda boʻlib oʻtgan voqealar haqida maʼlumot berdim. Sharof Rashidovich jasadini G.Lopatin koʻchasidagi uylariga olib keldik.
TashMI rektori, akademik Oʻktam Oripov boshchiligidagi maxsus tibbiy guruh Sharof Rashidovichning jasadini yorib, u kishi oʻlimining sabablari haqidagi maʼlumotnomani yozdi va ertasiga meditsina-ekspertiza xulosalari matbuotda eʼlon qilindi».
Bir necha oy davomida bir daqiqa ham tinim bilmagan edi...
Paxta yigʻim-terimi boshlanganidan beri bir necha oy davomida bir daqiqa ham tinim bilmagan edi Sharof aka. Men hozir u kishining shu kunlari qilgan ishlarini sanab oʻtaman, iltimos, diqqat qilib oʻqing. Shifokorlarning qatʼi taqiqlashiga qaramay, Toshkent-Moskva, Moskva-Addis Abeba (Efiopiya)-Toshkent, Toshken-Urganch, Urganch-Toshkent, Toshkent-Nukus reyslari boʻyicha samolyotda uchdi. Buning orasida SSSR Oliy Soveti Prezidiumining raisi A.A.Gromiko boshliq Finlyandiya delegatsiyasini Toshkentda qabul qildi. Delegatsiya tarkibida KPSS Markaziy Qoʻmitasining kotibi, Siyosiy Byuro aʼzosi V.Dolgix, kosmonavt Valentina Tereshkova ham bor edi. Aliyev boshchiligidagi KPSS Markaziy Qoʻmitasi delegatsiyasi aʼzolarini Moskvadan kutib olib, Vyetnamga kuzatib qoʻydi. Ular Bosh Kotib Andropov nomidan Toshkentda toʻxtashgan va Xanoyga uchib ketishayotgan edi. Gromiko, Aliyev, Dolgix partiya lavozimnomasida Sharof akadan bir pogʻona yuqori turishardi. Hammasiga diqqat-eʼtibor qilish, vaziyatni tushuntirish, samolyotlarda uchish, barcha-barchasi Sharof akaning zimmasida edi. Bu ishlar oʻzidan-oʻzi boʻlmaydi.
Nihoyat, Qoraqalpogʻiston temiryoʻlining bir chekkasida, tupikda, vagonda, tepasida yaqinlaridan faqat sodiq rafiqasi Xursandoy opa (joni jannatda boʻlsin u kishining ham), birgina tansoqchi va shifokorlar qoʻlida edi. Shunday deyapmanu, qandaydir hislar tugʻyon uradi qalbimda va oʻzimga oʻzim qarshi chiqaman, aslida, Sharof aka jonajon vatani – bepoyon paxta dalalarining bir chekkasida, xalqining qoʻynida, oʻzi tugʻilib oʻsgan, obod qilgan yurti bagʻrida omonatini Allohga topshirdi.
Ayrim hollarda oʻzbek boʻlganingga achinib ketasan kishi. Boshqalar kabi kasal boʻlmasdan avval, tanangda dardning ilk alomatlari paydo boʻlishi bilan koʻrpa-toʻshak qilib yotib olish, tez yordamni chaqirish, statsionar sharoitida davolanish mumkin ediku. Sharof aka unday qilmadi, u 6 million tonna paxta uchun jonini ham qoʻshib berdi. U Ikkinchi jahon urushida toblangan, oʻzi aʼzo boʻlgan Kommunistik tuzumning barcha sitamlariga sabr qilib, chidab kelgan magʻrur oʻzbek oʻgʻloni edi. Oʻzbek millatining faxri, gʻururi, vijdoni, ori, nomusi edi.
Irismat Abduxoliqov,
Oʻzbekiston milliy axborot agentligining
xalqaro masalalar boʻyicha sharhlovchisi
Jamiyat
Siyosat
Siyosat
Siyosat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q