Jamiyat
Hayotida bir marta boʻlsa ham tish yoki bosh ogʻrigʻidan aziyat chekmagan inson boʻlmasa kerak. Albatta, bunday paytda koʻpchilik ogʻriq qoldiruvchi dorilarga murojaat qiladi. Biroq ularning qoʻllashda meʼyorni bilish muhim.
— Bugun dorixonalarda sotilayotgan farmatsevtik mahsulotlar orasida ogʻriq qoldiruvchi preparatlarga talab yuqori, — deydi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi boshqarma boshligʻi Muhabbat Ibragimova. — Ayniqsa, analgin, sitramon va trimolning bozori chaqqon.
Chunki ogʻriqdan aziyat chekuvchi koʻpchilik bemorlar ushbu tabletkalarni muntazam qabul qilishga odatlangan. Ammo ularni palapartish yoki uzoq muddat qoʻllash turli xavfli kasalliklarni keltirib chiqarishini unutmaslik lozim.
Bilamizki, organizmda maxsus sezgi retseptor va notsiseptorlar boʻlib, ular ogʻriq impulslarini markazga yoʻnaltiradi. Bunga javoban tana endorfin va enkefalinlarni ishlab chiqaradi. Ular ogʻriqni maʼlum darajada pasaytiradi. Biroq ogʻriq zoʻrayganda deyarli foyda bermaydi. Bunday hollarda oʻz-oʻzidan ogʻriq qoldiruvchi vositalarni qoʻllash zarurati tugʻiladi.
Ushbu dorilarning kimyoviy tarkibi, tuzilishi va taʼsir mexanizmiga qarab, narkotik va nonarkotik analgetiklar guruhiga boʻlinadi. Birinchi guruhga morfin va uning sintetik hosilalari (promedol, omnopon, fentanil va boshqalar) kiradi. Ular statsionar sharoitda kuchli ogʻriqlar, jumladan, shikastlanish, kuyish, miokard infarkti roʻy berganda hamda jarrohlik aralashuvidan keyin qoʻllaniladi.
Nonarkotik analgetiklarga kimyoviy tuzilishi turlicha boʻlgan sintetik moddalar (amidopirin, analgin, atsetilsalitsil kislotasi, paratsetamol va boshqalar) kiradi. Bu xil preparatlarning yuqoridagilardan farqi — taʼsiri kuchsizroq boʻlib, asosan, nevralgiya, mialgiya, tish, bosh va boʻgʻim ogʻriqlarida ishlatiladi.
Mazkur dorilar ogʻriq qoldirish bilan bir qatorda isitmani tushirishga ham yordam beradi. Shu bilan birga, nonarkotik analgetiklarning yalligʻlanishga qarshi taʼsiri ham bor.
Qolaversa, nosteroid yalligʻlanishga qarshi preparatlar (NYAQP) guruhiga mansub dorilar (diklofenak, ibuprofen, naproksen, indometatsin, ketoprofen, ketorolak va boshqalar) ham oʻrtacha ogʻriqlarni bartaraf etadi. Ularning taʼsir mexanizmi asosan ogʻriq va yalligʻlanish mediatorlarining ishlab chiqarilishiga toʻsqinlik qilishga asoslangan.
Aytish kerakki, narkotik analgetiklarning ogʻriq qoldirish xususiyati bilan birga, zararli taʼsiri ham yoʻq emas. Bunday dori vositalari uzoq muddat qoʻllanganda insonda koʻnikish, ruhiy va jismoniy qaramlikni keltirib chiqaradi.
Nonarkotik analgetiklardan koʻp miqdorda foydalanish meʼda yarasi, oʻta yuqori sezuvchanlik, ovqat hazm qilish va koʻrish muammolari, tromb hamda turli allergiyalarni paydo qilishi mumkin. Shuningdek, bu holat immun tizimi buzilishi, yurak-qon tomir va nafas olish kasalliklari, jigar hamda oʻt chiqarish, buyrak va peshob yoʻli xastaliklariga ham sabab boʻlishi isbotlangan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, ogʻriq qoldiruvchi dori vositalarini faqat shifokor tavsiyasiga binoan va uning kuzatuvi ostida qabul qilish maqsadga muvofiq.
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q