Qashqadaryoda 11 ta arxeologik obyektga 6 mlrd so‘mga yaqin zarar yetkazilgani aniqlandi

Saqlash
20:58 / 28.11.2022 943 0

Turizm va madaniy meros vazirligi bilan birgalikda Qashqadaryo viloyatida joylashgan madaniy meros obyektlarining saqlanishi, tiklanishi, ta’mirlanishi ahvoli o‘rganildi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

 

Qayd etilishicha, viloyatda joylashgan 1468 ta madaniy meros obyektlari tanlov asosida bevosita joyida o‘rganilganda 500 dan ziyod madaniy meros meros obyektlaridan foydalanishda qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.

 

Xususan, 11 ta arxeologiya merosi obyektiga 6 mlrd so‘mga yaqin zararlar yetkazilganligi aniqlanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

 

Shuningdek, Qarshi tumanida joylashgan V-VIII asrlarga oid «Do‘ngtepa», «Nomsiztepa» va «Avliyotepa» arxeologiya merosi obyektlari qisman buzilishi oqibatida obyektlarga 1 mlrd 488 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.

 

«O‘rganishda madaniy meros obyektlariga noqonuniy o‘rnatilgan 5 ta tashqi reklama bannerlari olib tashlanishi, ijara shartnomasi tuzmasdan madaniy meros obyektidan foydalanib kelayotgan 10 nafar tadbirkorning faoliyati qonuniylashtirilishi, 11 ta madaniy meros obyektlaridagi noqonuniy qurilmalar buzib tashlanishi ta’minlandi», – deyiladi xabarda.

 

Holatlar yuzasidan 37 nafar shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi va sudlarga 7 ta ariza kiritildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//