Madaniyat
AQShda O‘zbekiston qahramoni, xalq shoiri, mamlakat madhiyasi muallifi Abdulla Oripov haqidagi badiiy filmi tasvirga olinmoqda. Bu haqda Kinematografiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasining ijodiy guruhi O‘zbekistondagi tasvirga olish ishlarini yakunladi. Ҳозiрда filmning s’yomka jarayonlari AQShning Xyuston, Los-Anjeles va Nyu-York shaharlarida davom etyapti.
Filmda Abdulla Oripovning keksalik davrini O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, Surxondaryo teatri aktyori Qudratilla Burxonov, rafiqasi Xanifa Mustafoyeva rolini esa xalq artisti Gulchehra Jamilova ijro qilmoqda.
Bundan tashqari kinokartinada «Do‘stlik» ordeni sohibi, shoir Shodmonqul Salom, mahoratli yosh aktrisa Rayhon Asadova va boshqa mahoratli aktyorlarni ham ko‘rish mumkin.
Film rejissyori Muzaffarxon Erkinov Gollivudda filmning qaysi epizodlari suratga olinayotgani haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
«Abdulla Oripov hayotining so‘nggi oylari AQShda o‘tgan. U Texas shtatining Xyuston shahrida yashagan. Shu sabab shoirning qizi Mavluda Oripova xonadonida, shuningdek, shoir sayr qilishni juda yaxshi ko‘rgan Tinch okeani sohillarida epizodlar suratga olyapmiz. Biz bu epizodlarni Gollivudda suratga oldik. Filmda shoirning nabirasi ham o‘z obrazini o‘zi gavdalantirmoqda», — deya ta’kidladi Muzaffarxon Erkinov.
Film bosh prodyuseri Firdavs Abduxoliqov, ssenariy mualliflari Minhojiddin Mirzo, Muqaddas Usmonova va Furqat Usmonov, postanovkachi rejissyor Muzaffarxon Erkinov, postanovkachi operator Ravshan Mirzakamolov. Film premerasi yil yakuniga rejalashtirilgan.
Abdulla Oripov 2016 yilning 5 noyabr kuni 76 yoshida vafot etdi. U Xyustondagi (AQSh, Texas shtati) shifoxonada hayotdan ko‘z yumdi.
Shoirning hayoti va faoliyati davomida birinchi she’rlar to‘plami «Mitti yulduz» 1965 yili chop etilgan. Keyin «Ko‘zlarim yo‘lingda» (1967), «Onajon» (1969), «Ruhim» (1971), «O‘zbekiston», «Qasida» (1972), «Xotirot» (1974), «Yurtim shamoli» (1974), «Hayrat» (1979), «Najot qal’asi» (1981), «Yillar armoni» (1983) she’riy to‘plamlari bosilib chiqdi.
Abdulla Oripov «Jannatga yo‘l» (1978), «Tabib va o‘lim» (1980), «Sohibqiron», asarlari muallifidir. 2000−2001 yillarda Abdulla Oripovning to‘rt tomlik «Tanlangan asarlar»i nashrdan chiqdi.
Abdulla Oripov – Oliy Kengashning 1992 yil 10 dekabrdagi 11-sessiyasida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi muallifi.
Shoir Dantening «Ilohiy komediya»si, Nekrasov, Shevchenko, Kuliyev va ko‘plab mualliflarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Jamiyat
Siyosat
Siyosat
Siyosat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q