Jamiyat
Qoʻqon shahri hokimligi bloger Komil Ahmedov shahar hokimi Maʼrufjon Usmonovga tuhmat qilgani uchun sudlangani va jazoga tortilganini maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, bunga Komil Ahmedovning feysbukdagi “Qoʻqonjonim” guruhida “Fikr politsiyasi. Qoʻqonda demokratiyami, avtokratiyami???” sarlavhali maqolasi sabab boʻlgan.
Hokimlik matbuot xizmatiga koʻra, jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻqon shahar sudida 2022-yil 21-noyabr kungi ochiq sud majlisida Oʻzbekiston Respublikasi JKning 139-moddasi 3-qismining “a” bandi bilan ayblanib sudga berilgan fuqaro Komil Ahmedovning jinoyat ishi ochiq sud majlisida mazmunan koʻrib chiqilgan. Sud jarayonida prokuror tomonidan eʼlon qilingan ayblov yuzasidan advokat ishtirokida soʻralgan Komil Ahmedov ayblovga toʻliq iqrorligini va pushaymonligini koʻrsatgan.
Komil Ahmedov shahar hokimi va boshqa bir fuqaroga nisbatan tuhmat qilib, tekshirilmagan, nokompetent axborot manbalaridan maʼlumot olib, ushbu maʼlumotlarni ijtimoiy tarmoqlarga joylaganligini bildirgan.
Ushbu harakatlari notoʻgʻri ekanligini bilgani holda shahar hokimidan uzr soʻrab, suddan yengillik berishni soʻragan. Bu borada uning qonuniy himoyachisi advokat ham fikrlariga qoʻshilgani holda Komil Ahmedovga yengillik berishni soʻragan. Sud ishdagi barcha yigʻilgan dalillarga odilona tayanib, Komil Ahmedovga nisbatan qonunda belgilangan jazo tayinlagan.
Bloger Olimjon Haydarovning yozishicha, sud Komil Ahmedovga 2 yil ozodlikdan cheklash (uy qamogʻi) va 2 yil internetdan foydalanmaslik jazosini qoʻllagan.
Shuningdek, hokimlik feysbukdagi “Qoʻqonjonim” guruhida “Yashasin Qoʻqondagi “adolatli, qonuniy, oliy” sudimiz” sarlavhasi ostida eʼlon qilingan maqola yuzasidan ham munosabat bildirdi.
Unda qayd etilishicha, Qoʻqon shahar hokimining feʼl-atvori toʻgʻrisidagi maʼlumotlar maqola muallifining subyektiv fikri va Maʼrufjon Usmonovni shaxsan tanimagan inson tomonidan muhokama etilishga sabab boʻlishi mumkin emas.
“Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga asosan sud ijroiya hokimiyatidan mustaqil tizim va har bir fuqaro oʻz qilmishi uchun jinsi, irqi, ijtimoiy oʻrnidan qatʼiy nazar qonun oldida birdek javobgar.
Maqola muallifini tasdiqlanmagan, emotsional xabarlarni tarqatishdan ogoh boʻlishga chaqiramiz. Qoʻqon shahar hokimligi matbuot xizmati oʻz vakolati doirasida maqola muallifini zarur maʼlumotlar bilan taʼminlashga doimo tayyor ekanini bildiramiz”, — deyiladi hokimlik munosabatida.
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Madaniyat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q