Toshkentda yoʻlga qoʻyilgan ekspress avtobuslarning tom qismi boʻyalmaganiga izoh berildi

Saqlash
15:40 / 24.11.2022 1207 0

Toshkent shahri koʻchalarida 23-noyabrdan harakatlana boshlagan E-1-sonli ekspress avtobuslarning tom qismi boʻyalmagani aks etgan suratlar ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab boʻldi. “Toshshahartransxizmat” AJ axborot xizmati holat yuzasidan izoh berdi.

 

Qayd etilishicha, ushbu ekspress avtobus yoʻnalishi prezidentining “Toshkent shahar jamoat transporti tizimini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan. Jamiyatning “5-Avtobus saroyi” filiali tasarrufidagi Mercedes-Benz LF rusumli avtobuslarning 5 donasi ushbu yoʻnalishda xizmat koʻrsatish uchun biriktirilgan.

 

Yoʻlovchilar mazkur ekspress avtobus yoʻnalishini poytaxtdagi odatiy avtobus yoʻnalishlaridan ajratib olishlarini taʼminlash maqsadida ekspress avtobuslarning tashqi qismi koʻk rangga boʻyalgan, shuningdek, avtobusning ustki (tepasi) va ichki qismlariga boʻyoq berishga talab yoʻqligi sababli boʻyoqlash ishlari amalga oshirilmagan.

 

Eslatib oʻtamiz, 23-noyabrdan “TTZ” — “Mashinasozlar” metrosi yangi ekspress avtobus yoʻnalishi harakatlanishni boshladi. Ushbu yoʻnalishda avtobus faqat 4 ta — “TTZ bozori”, “Buyuk ipak yoʻli” metrosi, Shifokorlar malakasini oshirish instituti, “Ashxobod” bogʻi bekatlarida toʻxtaydi va “Mashinasozlar” metrosigacha harakatlanadi.

 

Yoʻl haqi 2 500 soʻmni tashkil etib, yoʻlovchilarga 5 ta Mercedes-Benz 5 avtobusi xizmat koʻrsatadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//