Yakkasaroyda yarim tunda qimmatbaho daraxtlar kesib tashlandi

Saqlash
20:32 / 23.11.2022 933 0

21-noyabr kuni Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli koʻchasidagi “Doʻstlik” bogʻi yaqinida Vinera Tower korxonasi 6 tup daraxtni ruxsatnomasiz kesgani maʼlum boʻldi. Davlat ekologiya qoʻmitasiga bu haqda yarim tunda maʼlumot kelib tushdi, deya xabar bermoqda qoʻmita matbuot xizmati.

 

Qoʻmita Ekopartiya faollari, Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi, Yakkasaroy tuman hokimligi, tuman prokuraturasi hamda tuman Ichki ishlar boʻlimi xodimlari bilan birga holatni oʻrgandi.

 

27-sentyabr kuni tumani ekologiya boʻlimi xodimlari hududda xatlov oʻtkazib, 22 tup koʻp yillik daraxtlar mavjudligi aniqlangan. Ularni kesmaslik boʻyicha qurilish tashkilotiga majburiy koʻrsatma bergandi.

 

Biroq, kompaniya qurilish qilish maqsadida hududdagi 2 tup qimmatbaho va 4 tup kam qimmatli boʻlgan jami 6 tup daraxtni tegishli ruxsatnomasiz, qonunchilikka zid ravishda boshqa joyga koʻchirib oʻtkazishi oqibatida daraxtlar nobud boʻldi.

 

Shuningdek, kompaniya qurilish uchun kotlovan qazilishi natijasida 4 tup daraxtning ildiziga shikast yetkazgani aniqlandi. Hozir hududda 16 tup manzarali daraxtlar qoldi.

 

 

 

Holat boʻyicha “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonunining 32, 37-moddalari talabi buzilib, dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, oʻsimlik dunyosiga 218 mln 370 ming soʻm miqdorida zarar yetkazilgani aniqlandi.

 

Amaldagi qonunchilik talablariga koʻra, qurilish loyihalarini amalga oshirishdan oldin ekologik meʼyoriy loyiha hujjatlari ishlab chiqilishi hamda majburiy tartibda Davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazilishi belgilangan. Aniqlanishicha, mazkur qurilish obyekti boʻyicha qonunchilikda belgilangan tartibda Davlat ekologik ekspertiza xulosasi olinmagan, deyiladi xabarda.

 

Maʼlum boʻlishicha, Vinera Tower MCHJ avval ham hududdagi 6 tup daraxt noqonuniy ravishda kesgan va oʻsimlik dunyosiga 430 mln 515 ming soʻm miqdorida zarar keltirgan.

 

Buni Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi tegishli tartibda rasmiylashtirib, tuman prokuraturasiga taqdim qilgan va yetkazilgan zararni undirish uchun 16-sentyabrda Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining ajrimi chiqarilgan.

 

Prezidentning 30-dekabrdagi farmoni bilan mamlakatda daraxtlarni kesishga muddatsiz moratoriy eʼlon qilindi. Shunga qaramay, daraxtlarni noqonuniy kesish holatlari davom etmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//