Shavkat Mirziyoyev va Emmanuel Makron Luvrda Oʻzbekiston koʻrgazmasini ochdilar

Saqlash
10:33 / 23.11.2022 1257 0

Yelisey saroyida oʻtgan oliy darajadagi muzokaralardan soʻng Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron rafiqalari bilan Parijdagi Luvr muzeyida boʻldilar. Bu haqda Oʻzbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

 

Emmanuel Makron rafiqasi bilan Shavkat Mirziyoyev va Oʻzbekiston birinchi xonimi bilan muzeyda uchrashdi, shundan soʻng ular ekspozitsiyani koʻzdan kechirishni boshladilar.

 

 


Oʻzbekistonning madaniy merosiga bagʻishlangan koʻrgazma Oʻzbekiston Prezidentining 2018-yilning oktyabr oyida Fransiyaga amalga oshirilgan tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarga muvofiq tashkil etildi. Davlat rahbari oʻshanda Oʻzbekiston va Fransiya muzeylari hamkorligida koʻrgazmalar tashkil etish, mamlakatlar oʻrtasida ilmiy va madaniy aloqalarni kengaytirish zarurligini qayd etgan edi. Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi va Luvr muzeyi oʻrtasida tegishli memorandum imzolandi.

 

Bu ishlar natijasida Luvrning Rishelye zali va Islom boʻlimida xronologik ketma-ketlikda joylashtirilgan beshta boʻlimdan iborat katta koʻrgazma makoni yaratildi. Bular – “Voha davlatlari va podshohliklari davri: Ipak yoʻlidagi madaniyatlarning muloqoti”, “Oʻrta asrlar va sanʼatning gullab-yashnashi”, “Markaziy Osiyoda islomning tarqalishi, madaniyat va fanda Uygʻonish davri”, “Ibn Sinodan Chingizxongacha”, “Buyuk imperiyalar davri: Temuriylar va Shayboniylar”.

 

Oʻzbekiston tarixining 1500-yildan ortiq davrini qamrab olgan koʻrgazma mamlakatning 16 muzeyidan 138 ta noyob ashyo, shu jumladan koʻrgazma uchun maxsus restavratsiya qilingan 70 ta eksponatdan iborat. Shuningdek, Fransiya, Buyuk Britaniya va AQSHning yirik muzeylaridan keltirilgan 31 ta buyum koʻrgazmadan joy oldi.

 

Koʻrgazmaning ilk mehmonlari boʻlgan Oʻzbekiston va Fransiya yetakchilari Dalvarzintepa va Xolchayon yodgorliklaridan topilgan eksponatlar, Varaxshadagi qizil rangli xonadan devoriy surat, Kofirqalʼadan oʻymakor panno, Katta Langar Qurʼoni sahifalari, Amir Temur maqbarasidan qoʻsh eshik, Afrosiyobdagi elchilar tasviri tushirilgan devoriy surat va boshqa eksponatlar bilan tanishdilar. Ularning yaratilishi va topilishi, ular bilan bogʻliq tarixiy davrlar va shaxslar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.

 

Koʻrgazma 2023-yil 6-mart kuniga qadar davom etadi. Xuddi shu kuni Parijdagi arab dunyosi institutida “Samarqandga yoʻl. Ipak va oltin moʻjizalari” koʻrgazmasi ham ochildi.

 

 

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//