Toshkentda topib olingan plastik kartadan 60 mlnga yaqin pul yechib olindi

Saqlash
14:46 / 22.11.2022 1172 0

Toshkentda opa-singillar topib olgan plastik kartasidan parolni tavakkal terish orqali 58 milliondan ortiq pulni yechib oldi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.

 

Maʼlum qilinishicha, Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashovchi 21 yoshli fuqaro 8-noyabr kuni tuman IIO FMB boshligʻi nomiga ariza bilan murojaat qilib, oʻz arizasida, 2022-yilning 7-noyabr kuni unga tegishli boʻlgan plastik kartasidan 58 million 984 ming soʻm miqdoridagi pul nomaʼlum shaxs tomonidan yechib olinganini maʼlum qilgan.

 

Olib borilgan tezkor-qidiruv ishlari natijasida, ushbu jinoyat 27 va 18 yoshli opa-singillar tomonidan sodir etilgani maʼlum boʻlgan.

 

Jinoyat ishi doirasida, gumonlanuvchilar soʻroq qilinganida, 27 yoshli ayol plastik kartani oʻzi operator boʻlib ishlaydigan “Malika” savdo majmuasida joylashgan doʻkonidan topib olgani, keyinchalik topib olingan plastik karta toʻgʻrisida oʻzining singlisiga xabar berib, birgalikda bankomat oldiga borishgani va tavakkal qilib, parol tariqasida “7777” raqamini terishgani, shu tariqa plastik kartaning himoya kodini bilib olib, unda boʻlgan pullarini yechib olishganini maʼlum qilishgan.

 

Holat yuzasidan Yunusobod tuman IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan opa-singillarga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “b” va “g” bandlari (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

 

Hozirda tergov harakatlari davom etayotgani maʼlum qilingan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//