Samarqandda uch bolasini kanalga tashlagan ayol qamoqqa olindi

Saqlash
18:35 / 21.11.2022 971 0

Samarqand viloyatining Samarqand tumanida ayol qaynonasiga achchiq qilib, 3 nafar voyaga yetmagan farzandi bilan oʻzini kanalga tashlagani haqida xabar berilgan edi. Viloyat prokuraturasi holat yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot berdi.

 

Aniqlanishicha, 1-noyabr kuni Samarqand tumani “Jarqishloq” mahallasida yashovchi 26 yoshli ayol A.Q. qaynonasi S.Q. bilan oʻrtalarida kelib chiqqan oʻzaro janjal oqibatida voyaga yetmagan 3 nafar farzandi bilan birga yashash uyidan chiqib ketib, ota-onasining uyiga borgan.

 

Shundan soʻng, 3-noyabr kuni A.Q. voyaga yetmagan qizini onasining uyidan, oʻgʻillarini maktabgacha taʼlim muassasasidan olib chiqib, Samarqand tumani “Yangiariq” mahallasi hududidan oqib oʻtuvchi “Dargʻom” kanalining oldiga kelib, oʻzi va farzandlarini oʻldirish maqsadida suvga tashlab yuborgan vaqtida “Oq-amur” nomli oshxonada yollanma ishchi boʻlib ishlovchi fuqarolar tomonidan A.Q. hamda uning 2 nafar farzandi suvdan chiqarib olingan, biroq bir nafar farzandi voqea joyida vafot etgan.

 

13-noyabr kuni uning murdasi “Dargʻom” kanalining qirgʻogʻidan topilgan.

 

Samarqand viloyati IIBning 18-noyabr kuni bergan xabarida ayolning ikki nafar farzandi vafot etgani aytilgandi.

 

Mazkur holat yuzasidan A.Q.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v” bandi (aybdorga ayon boʻlgan ojiz ahvoldagi shaxsni qasddan oʻldirish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllangan.

 

Holat yuzasidan viloyat IIB, viloyat Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi hamda viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasiga xizmat tekshiruvlari tayinlangan. Hozirda jinoyat ishi yuzasidan Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//