Jamiyat
Hindistonning yetakchi oliygohlaridan biri — Dehli universitetida Oʻzbek tili va hind-oʻzbek ilmiy-madaniy aloqalari markazi ochildi.
“Dunyo” axborot agentligining yozishicha, markaz Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Dehli universiteti oʻrtasida erishilgan kelishuvlar doirasida tashkil etilgan. “Oʻzbek tili va hind-oʻzbek ilmiy-madaniy aloqalari markazi” faoliyatining asosiy maqsadi hindistonlik talabalarga oʻzbek tilini oʻrgatish, madaniy-maʼrifiy aloqalarni rivojlantirish va ushbu sohada qoʻshma ilmiy izlanishlar olib borishga qaratilgan.
Markaz ochilishiga bagʻishlangan rasmiy tadbirda Dehli universiteti vitse-kansleri Yogesh Singx, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva, Oʻzbekistonning Hindistondagi elchisi Dilshod Axatov, universitet professor-oʻqituvchilari, Dehli universitetida tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalar, Dehli universiteti professor-oʻqituvchilari va talabalari ishtirok etdi.
Oʻzbek tili va hind-oʻzbek ilmiy madaniy aloqalari markazi uchun Sharqshunoslik universiteti hamda mamlakatning Hindistondagi elchixonasi tomonidan oʻzbek tili, adabiyoti, madaniyati, tarixi va zamonaviy taraqqiyoti haqidagi maʼlumotlarni qamrab olgan kitoblar, badiiy adabiyotlar, jurnallar, oʻquv-koʻrgazma qoʻllanmalari toʻplami taqdim etildi.
Qayd etish kerak, Dehli universiteti oʻzbek tili boʻyicha oʻquv kurslari mavjud boʻlgan Hindistondagi uchinchi oliy taʼlim muassasasiga aylandi. Bunga qadar 2004-yildan boshlab Dehli shahridagi Jomiya Milliya Islomiya universitetida hamda 2021-yildan boshlab Javaharlal Neru universitetida oʻzbek tili kurslari faoliyat yuritib kelmoqda.
Jamiyat
Madaniyat
Ilm-fan
Siyosat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q