Qoʻchqor Norqobilning “Tabassum qil, sevgilim!” kitobi Rossiyada qayta chop etildi

Saqlash
13:16 / 20.11.2022 1719 0

Taniqli oʻzbek yozuvchisi Qoʻchqor Norqobilning kitoblari bugungi kunda dunyoning koʻplab davlatlari nashriyotlari tomonidan chop qilinmoqda.

 

Yaqinda adibning “Tabassum qil, sevgilim!” (“Улыбнис, любимая!”) kitobi Rossiyada besh ming nusxada ikkinchi bor qayta bosmadan chiqdi. Mazkur kitob oltinchi Xalqaro adabiy festival doirasida boʻlib oʻtadigan taqdimot roʻyxatidan joy olgan.

 

“Qoʻchqor Norqobil oʻzbek xalqi xarakterini mahorat bilan talqin etadi va uning oʻziga xos ezgu-niyatlarini umuminsoniy gʻoyalar rishtasi bilan tutashtira oladi. U taniqli adib va adabiyotshunoslar, noshirlarimiz tomonidan “Xarakterlar musavviri, inson qalbini teran kuzata oladigan adib”, “Kutilmagan yechimlar ustasi”, “Oʻzbek Shukshini”, deya bejizga eʼtirof qilinmayapti. Muhimi, yozuvchi asarlari rus kitobxonlarida qiziqish uygʻotmoqda”, – deydi yozuvchi va publitsist Galina Berezina.

 

Rossiya Baynalmilal Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Yunona Rumyansevaning taʼkidlashicha, Qoʻchqor Norqobilning ushbu kitobi “Moskvaning oltin qalami” mukofotiga tavsiya etilgan.

 

“Muallif inson qalbi quvonch va qaygʻularini sodda va ravon, biroq yuksak badiiy chizgilar bilan tasvirlaydi. Uning qahramonlari yuragimizdan joy oladi. Insoniy mehr va muhabbat tuygʻulari chegara bilmas mavzu ekanligini his qilasiz. Shu bois ham oʻzbek yozuvchisining bu kitobi “Золотое перо Москвы” (“Moskvaning oltin qalami”) mukofotiga tavsiya etildi”, – deb yozadi Rossiya Baynalmilal Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, nashriyot xodimi adiba Yunona Rumyanseva.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//