Davlat bayrogʻini xonadonlarga ilishga ruxsat berilishi mumkin

Saqlash
16:34 / 18.11.2022 2458 0

Oʻzbekiston bayrogʻidan foydalanishdagi ayrim cheklovlar bekor qilinishi mumkin. Bu haqda OʻzLiDeP lideri Aktam Hayitov maʼlum qildi.

 

Uning qayd etishicha, 18-noyabr — Oʻzbekiston bayrogʻi qabul qilingan kuni Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasining kengaytirilgan yigʻilishida “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi qonunga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish tashabbusini ilgari surib, muhokama tashkil etish va deputatlar orasidan ishchi guruhi tuzish koʻzda tutilmoqda.

 

Aktam Hayitov bayroq Oʻzbekiston suverenitetining ramzi ekanini qayd etib, bayroqning kundalik hayotda doimiy hamrohga aylanishi davlatda yashovchi barcha millat va elat vakillarini jipslashtirishda muhim oʻrin tutishini bildirdi.

 

Uning soʻzlariga koʻra, deputatlar saylovchilar bilan oʻtkazgan uchrashuvlarida bayroqdan foydalanishda ayrim cheklovlar mavjudligini ochiq, oshkora aytishmoqda. Davlat bayrogʻi toʻgʻrisidagi qonunni davr talabiga moslashtirish, bayroqdan foydalanish borasida qonun normalarini yanada liberallashtirish lozimligi bildirilmoqda.

 

Deputat Rasul Kusherbayevning aniqlik kiritishicha, qonun loyihasida davlat bayrogʻidan foydalanishdagi cheklovlarni olib tashlash, fuqarolarning erkin foydalanishi, egalik qilish imkoniyatlarini kengaytirish nazarda tutilmoqda.

 

“Oddiy aytganda, bu oʻzgarishlardan keyin fuqarolar ham bayrogʻimizga hurmat saqlagan holda oʻz xonadonlariga ham ilish, ish joylarida erkin foydalanishi mumkin boʻladi. Bu orqali bayroq boʻyicha mavjud cheklovlar uchun belgilangan jazo masalasini ham qayta koʻrib chiqishga toʻgʻri keladi.

 

Bu orqali bayroq boʻyicha mavjud cheklovlar uchun belgilangan jazo masalasini ham qayta koʻrib chiqishga toʻgʻri keladi”, — deb yozgan deputat.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//