Qarshi tumani sobiq hokimi Maqsuda Mustafoyeva maktab direktori etib tayinlandi

Saqlash
17:00 / 17.11.2022 1415 0

Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumaniga 2020−2022-yillarda hokimlik qilgan Maqsuda Mustafoyeva Qarshi shahridagi 11-maktab direktori etib tayinlandi.

 

“Gazeta.uz”ning yozishicha, Maqsuda Mustafoyevaning maktab direktorligiga nomzodi 15-noyabr kuni xalq deputatlari Qarshi shahar kengashi tomonidan tasdiqlangan. 16-noyabr kuni boshqarma boshligʻining buyrugʻi chiqqan va Mustafoyeva maktab jamoasiga direktor sifatida tanishtirilgan.

 

Maqsuda Mustafoyeva 2020-yilning fevral-mart oylarida Oʻzbekistonda hokimlik lavozimiga tayinlangan olti ayoldan biri boʻlgan, Qashqadaryodagi yagona ayol hokim edi. Tayinlovgacha viloyat Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻining Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish boʻyicha birinchi oʻrinbosari sifatida ishlagan.

 

Mustafoyeva tuman rahbari sifatidagi faoliyati davomida Qarshi tumanidagi Sulton Tex Group klasteri atrofidagi mojaro, IIB kuchidan foydalangan holda chorvachilik xoʻjaligining ozuqa gʻallasi tortib olish, 100 mln soʻmlik homiylik pullarining oʻzlashtirib yuborilishi kabi jarayonlardagi ishtiroki bilan tanilgan edi. Soʻnggi hodisadan soʻng viloyat hokimligi unga hayfsan eʼlon qilgandi.

 

U prezident raisligidagi videoselektordagi tanqiddan soʻng, 6-fevral kuni “oʻz arizasiga koʻra” tuman hokimi lavozimidan ketgan. May oyida Mustafoyevaning qamoqqa olingani haqida xabarlar tarqalgan, biroq prokuratura buni rad etgandi. 2021-yil sentyabrida Qashqadaryoning oʻsha vaqtdagi hokimi Zoir Mirzayev “[Maqsuda Mustafoyevaning] ishini koʻrmay, uni hokimlikka tavsiya qilgani xato” boʻlganini tan olgandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//