Fayzulla Xoʻjayev muzeyiga yana oʻz nomi qaytarildi

Saqlash
11:39 / 17.11.2022 1651 0

Yirik siyosatchi va davlat arbobi Fayzulla Xoʻjayev istiqomat qilgan uyga “Fayzulla Xoʻjayev uy-muzeyi” nomi qaytarildi. Bungacha u “Boy savdogar xonadoni uy-muzeyi” deb atalardi.

 

Madaniy meros agentligining maʼlum qilishicha, hukumatning shu yil 28-sentabrdagi tegishli qaroriga muvofiq, majmua “Fayzulla Xoʻjayev uy-muzeyi” deb qayta nomlangan.

 

 

Ushbu hovli XIX asr oxirida Fayzulla Xoʻjayevning otasi Ubaydullaxoʻja tomonidan sharqona usulda bunyod etilgan. Uy sohibi qatagʻonga uchragach, hovli qarovsiz holga tushadi. Turli tashkilotlar uchun boshpana vazifasini oʻtaydi. Yon-atrofiga turli imoratlar quriladi.

 

“Maskanimizga Fayzulla Xoʻjayev nomi qaytarilgani ayni muddao boʻldi. Yana bir yangilik shundaki, 2023-yilda muzey restavratsiya va konservatsiya qilinadi. Shuningdek, reekspozitsiya ishlari amalga oshiriladi. Ayni paytda bu yerda 521 ta eksponat bor”, — deydi uy-muzey rahbari Feruz Bahromov.

 

Maʼlumot uchun, Fayzulla Xoʻjayev (1896—1938) Buxoro Xalq Shoʻrolar Respublikasini toʻrt yil, Oʻzbekiston Respublikasini 12 yil boshqargan. “Xalq dushmani” sifatida qamoqqa olinib, Fitrat, Choʻlpon, Abdulla Qodiriy kabi koʻplab maʼrifatparvarlari qatorida qatl etilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//