Adib va tarjimon Mashrab Boboyev xotirlandi

Saqlash
18:44 / 04.11.2021 1822 0

Bugun, 4-noyabr kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli adib va shoir Mashrab Boboyev tavalludining 80 yilligi munosabati bilan u yashab ijod qilgan xonadonda ijod ahli jam bo‘ldi. 

Xotira tadbirida Yashnobod tumani Parkent ko‘chasi 31-uyga o‘rnatilgan yodgorlik barelyefining ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

Unda uyushma raisi Sirojiddin Sayyid, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo so‘zga chiqib, Mashrab Boboyevning qoldirgan adabiy merosi, asarlarining mazmun-mohiyati, insoniylik jihatlari haqida gapirib o‘tdi.

– Mashrab Boboyevni hammamiz ustoz sifatida bilardik. Juda katta shoir, shoir bo‘lganda ham go‘zal qalbli shoir edi. Shuningdek, kuchli tarjimon, yetuk dramaturg, mohir publisist sifatida ham nom qoldirgan. Eng avvalo, yaxshi inson sifatida xotiramizda yashamoqdalar, – deb aytib o‘tdi Minhojiddin Mirzo adibni eslarkan. 

Adib tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan tadbir kunning ikkinchi yarmida Yozuvchilar uyushmasida davom etdi. Unda adabiyotshunoslar, jurnalistlar, adibning oila a’zolari Mashrab Boboyevning she’riy to‘plamlari, dostonlari, romanlari haqida o‘z mulohazalarini bildirdilar.

 

“Tushlarimga kirar bir bahor” nomli ushbu kechada O‘zbekiston Xalq shoiri, senator Mahmud Toir, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Mamatqul Hazratqulov, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov, yozuvchi Norto‘xta Qilichev, “Do‘stlik” ordeni sohibi Aziz Said ishtirok etdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//