Madaniyat
Respublika boʻyicha 14 muzeydan 3 mingdan ziyod nodir va noyob madaniy boyliklar talon-toroj qilingan. 30 yilda madaniy meros obyektlariga yetkazilgan zarar miqdori 4 trillion soʻmdan oshgan. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Oʻzbekistondagi 48 davlat muzeyi va ularning 73 filialida qariyb 2,5 million muzey ashyolari va kolleksiyalar saqlanmoqda. Shuningdek, 6 ta nodavlat muzey faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ularda jami 25 mingga yaqin muzey ashyolari va kolleksiyalar mavjud.
Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalari soni 1,3 millionni tashkil etmoqda. Ularni saqlash hamda xavfsizligini taʼminlash sohasida ayrim hal qilinishi lozim boʻlgan masalalar yoʻq emas. Xususan, sohani tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarda nomuvofiqliklar mavjud. 2008-yil 12-sentabrda qabul qilingan “Muzeylar toʻgʻrisida”gi qonunda Madaniyat vazirligi muzeylarni boshqarish sohasidagi vakolatli davlat organi sifatida qayd qilingan.
Biroq davlat rahbarining 2021-yil 6-apreldagi farmoni bilan Madaniyat vazirligi tizimidagi davlat muzeylari, muzey qoʻriqxonalari va uy muzeylari, moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligiga oʻtkazilgan.
Shuningdek, muzeylar faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlar tarqoq holda boʻlib, ularning soni yuzdan ortiq.
Hukumat tomonidan tasdiqlangan Nizomga koʻra, milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini hisobga olish va saqlash tartiblari belgilangan, xolos. Lekin Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilmagan 1,2 millionga yaqin muzey ashyolari va kolleksiyalarini hisobga olish va saqlashning aniq tartiblari mavjud emas.
Shu kabi muammo va kamchiliklar muzeylardan koʻplab noyob eksponatlar oʻgʻirlanishi yoki qalbakisiga almashtirib qoʻyilishiga olib kelmoqda. Jumladan, respublika boʻyicha 14 muzeydan 3 mingdan ziyod nodir va noyob madaniy boyliklar talon-toroj qilingan. Umuman, 30 yilda madaniy meros obyektlariga yetkazilgan zarar miqdori 4 trillion soʻmdan oshgan.
Shu masala yuzasidan majlis oʻtkazilib, “Muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash hamda ularning xavfsizligini taʼminlash choralari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisida”gi masala muhokama etildi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash hamda ularning xavfsizligini taʼminlash borasida olib borilgan profilaktik ishlar, koʻrilgan choralar hamda koʻzda tutilayotgan rejalar toʻgʻrisida yozma ravishda asoslantirilgan tushuntirish berish talabi qoʻyilgan parlament soʻrovini yalpi majlis muhokamasiga olib chiqish masalasi qoʻmita aʼzolari tomonidan bir ovozdan maʼqullandi.
Jamiyat
Ilm-fan
Madaniyat
Iqtisod
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q