Siyosat
Toshkent shahrida Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va taʼlim berishga bagʻishlangan II Butunjahon konferensiyasi boʻlib oʻtmoqda. Nufuzli anjumanning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi.
Hurmatli konferensiya qatnashchilari!
Xonimlar va janoblar!
Siz, azizlarni Toshkent shahrida Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va taʼlim berishga bagʻishlangan Butunjahon konferensiyasining ochilishi bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Xalqaro anjumanda ishtirok etayotgan yuqori martabali mehmonlarimizga, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, xorijiy davlatlar vazirlari va masʼul vakillariga oʻzimning samimiy hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Oʻzbekiston zaminiga xush kelibsiz, qadrli mehmonlar!
Hurmatli doʻstlar!
Xalqaro konferensiyaning ochilish marosimida YUNESKO Bosh direktori Odri Azule xonimning shaxsan ishtirok etayotgani bizga alohida mamnuniyat bagʻishlaydi.
Soʻnggi yillarda YUNESKO bilan taʼlim, fan, madaniy meros, axborot va kommunikatsiya sohalarida hamkorligimiz jadal rivojlanib bormoqda.
Jumladan, mazkur tashkilot koʻmagida yurtimizdagi butunjahon madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash, qadimiy Buyuk Ipak yoʻlida mavjud boʻlgan madaniy aloqalarni qayta tiklash, taʼlim tizimi sifatini oshirish va barkamol avlodni tarbiyalash, Oʻzbekistonda yoshlarning mehnat koʻnikmalarini rivojlantirish boʻyicha qator muhim dastur va loyihalar samarali amalga oshirib kelinmoqda.
Fursatdan foydalanib, Azule xonimga va barcha chet ellik hamkorlarimizga bu muhim va sharafli ishga qoʻshayotgan hissalari uchun tashakkur izhor etaman.
Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!
Hozirgi vaqtda dunyo miqyosida kichik yoshdagi bolalarni sifatli maktabgacha taʼlim bilan taʼminlash borasida qator muammolar mavjudligini inkor etib boʻlmaydi.
Koʻplab mamlakatlarda qariyb 200 million bola maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinmagani natijasida ularning boshlangʻich bilim olish imkoniyatlari cheklanmoqda.
Oʻz navbatida, keyingi bir necha yil davomida koronavirus pandemiyasi taʼlim sohasiga ham katta salbiy taʼsir koʻrsatgani sir emas.
Mana shunday sinovlar davrida barcha davlatlarning yaqin hamkorlikni yanada chuqurlashtirishi, xalqlarimiz oʻzaro birlashib, muammolarni birgalikda hal etishi naqadar muhimligini yaqqol koʻrsatmoqda.
Shu maʼnoda, bugungi anjumanimiz ham Barqaror rivojlanish maqsadlarining muhim yoʻnalishi hisoblangan bolalar taʼlimi masalasida barchamiz bir boʻlib, yangi yondashuvlar va yechimlar ishlab chiqishimizga xizmat qiladi, deb ishonaman.
Aziz doʻstlar!
Biz “inson qadri, uning huquq va manfaatlari – oliy qadriyat”, degan tamoyildan kelib chiqqan holda, mamlakatimiz aholisi uchun munosib turmush sharoitini yaratishni Yangi Oʻzbekiston siyosatining ustuvor yoʻnalishi etib belgilaganmiz.
Bu borada, avvalambor, yoshlar va bolalarga eʼtibor va amaliy gʻamxoʻrlik koʻrsatish, ularni jismoniy va maʼnaviy barkamol etib tarbiyalashga alohida ahamiyat qaratmoqdamiz.
Bolalarni kichik yoshdan boshlab rivojlantirish, ularning oʻqishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish orqali kelajakda yoshlarning oʻzligini toʻla namoyon etishiga mustahkam zamin yaratyapmiz.
Zero, bu kabi ezgu maqsadimiz yoʻlida sarflangan investitsiyalar ertaga bir necha barobar ortigʻi bilan qaytishiga shubha yoʻq.
Shu bilan birga, bola shaxsiyatining asosi aynan maktabgacha taʼlim yoshida shakllanishi, bu davrda uning intellektual va jismoniy kamoloti uchun poydevor yaratilishi hammamizga yaxshi maʼlum.
Hozirgi paytda yurtimizda 3 millionga yaqin maktabgacha yoshdagi bolalar bor.
Hech shubhasiz, ular bizning eng bebaho boyligimiz, erkin va farovon hayotimiz, yorugʻ kelajagimiz bunyodkorlaridir.
Shuni ham aytish joizki, yurtimizda yaqin oʻtmishda bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish koʻrsatkichi 27 foizga tushib qolgan edi.
Deyarli barcha maktabgacha taʼlim tashkilotlarda zamonaviy texnologiyalar va qoʻllanmalar yoʻq, binolari taʼmirtalab edi.
Bu esa bolalarimizni toʻlaqonli sifatli taʼlim va tarbiya olishini cheklagan.
Holbuki, farzandlarimiz tarbiyasida eng asosiy boʻgʻin hisoblangan maktabgacha taʼlim tizimining ijtimoiy hayotimizdagi oʻrni va ahamiyatini hech narsa bilan oʻlchab, baholab boʻlmaydi.
Biz islohotlarning birinchi kunlaridanoq mavjud taʼlim sohasini, xususan, maktabgacha taʼlimni tubdan modernizatsiya qilishga qaror qildik.
Shu maqsadda, yurtimiz tarixida ilk bor alohida Maktabgacha taʼlim vazirligini tashkil etdik.
Bogʻchalarni zamon talablariga mos ravishda yangi bosqichga koʻtarish, ilgʻor tarbiya uslublari va metodikalarini keng qoʻllash, oʻquv-moddiy bazasini kuchaytirishga katta eʼtibor qaratmoqdamiz.
Sohani keng rivojlantirish uchun xususiy sektor kirib kelishiga ham qulay shart-sharoitlar yaratib berdik.
Bogʻchalarda har bir tarbiyalanuvchi bola uchun Davlat byudjeti hisobidan subsidiyalar berila boshlandi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda bogʻchalar soni 6 barobarga koʻpaydi. Olis va chekka hududlarda minglab oilaviy bogʻchalar tashkil qilindi.
Tarbiyachi va pedagoglar soni ham 3 barobarga oʻsib, 160 mingga yetdi. Shuningdek, pedagog kadrlarning malakasini tizimli oshirib borish ishlari ham yoʻlga qoʻyildi.
Ushbu choralar natijasida bogʻchalarda taʼlim va tarbiya oladigan bolalar sonini 600 mingdan 2 millionga yetkazilib, qamrov koʻlami 70 foizga chiqdi.
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
“Taʼlim va tarbiyada tanaffus boʻlmaydi”, degan hikmatli ibora sizlarga yaxshi tanish.
Shu sababli biz Oʻzbekistonda olib borayotgan demokratik islohotlarimiz jarayonida taʼlim tizimini zamonaviy talablar darajasiga koʻtarishga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz.
Jumladan, hozirgi vaqtda mamlakatimizda 10 mingdan ortiq oʻrta taʼlim maktablari faoliyat koʻrsatmoqda.
Soʻnggi yillarda oliy oʻquv muassasalari soni qariyb 2,5 barobar koʻpayib, 186 taga yetdi. Ularning 31 tasi dunyodagi yetakchi universitet va institutlarning filiallaridir.
Oliygohlarga qabul kvotasi 3,5 barobarga ortganini, oliy taʼlim qamrovi esa 9 foizdan 38 foizgacha oshganini qayd etish lozim.
Sizlarga yaxshi maʼlumki, Buyuk ipak yoʻlining chorrahasida joylashgan mamlakatimiz qadimdan jahon sivilizatsiyasi va madaniyati rivojiga munosib hissa qoʻshib keladi.
Diyorimizdan yetishib chiqqan atoqli allomalar, algebra fani va algoritm tushunchasiga asos solgan Al-Xorazmiy, mineralogiya fanining tamal toshini qoʻygan Al-Beruniy, dunyoda Avitsenna nomi bilan tanilgan mashhur tibbiyot olimi Ibn Sino, bir ming oʻn sakkizta yulduzning koordinatlarini va harakatini aniq belgilab bergan buyuk astronom Mirzo Ulugʻbek, Nil daryosining sathini oʻlchovchi noyob uskuna yaratgan alloma Ahmad Fargʻoniy kabi ulugʻ ajdodlarimiz oʻzlarining bebaho asarlari, ilmiy va ijodiy kashfiyotlari bilan oʻrta asrlardagi birinchi va ikkinchi sharq renessansi rivojiga ulkan hissa qoʻshganlar.
Bu haqda soʻz borar ekan, oʻtmishda Buxoroda 300 dan ortiq, Samarqandda esa 120 ga yaqin oʻz davrining universitetlari boʻlgan madrasalar faoliyat koʻrsatganini alohida taʼkidlash oʻrinlidir.
Azal-azaldan bizning yurtimizda taʼlim bilan birga tarbiya masalasiga beqiyos ahamiyat berib kelinadi.
Buyuk oʻzbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy har tomonlama uygʻun rivojlangan, yuksak bilim va maʼnaviyat sohibi boʻlgan komil inson gʻoyasini ilgari surgani sizlarga yaxshi maʼlum.
XX asr boshida faoliyat koʻrsatgan ulugʻ maʼrifatparvar, atoqli adib va pedagog Abdulla Avloniyning: “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, degan soʻzlari biz uchun bugungi kunda ham muhim dastur boʻlib xizmat qilmoqda.
Biz yurtimizda uchinchi renessansni barpo etish masalasini strategik vazifa sifatida oldimizga qoʻyib, uni milliy gʻoya darajasiga koʻtarmoqdamiz.
Biz maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi, oliy taʼlim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalarni boʻlgʻusi Renessansning toʻrt uzviy halqasi, deb bilamiz.
Bogʻcha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-oʻqituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimizni esa yangi Uygʻonish davrining toʻrt tayanch ustuni, deb hisoblaymiz.
Bu borada biz oʻzimizning milliy tajribamiz va jahondagi ilgʻor yutuqlarini uygʻunlashtirgan holda faoliyat olib boramiz.
Barchamizga ayonki, taʼlim va tarbiya bor joyda albatta ilm, albatta madaniyat va taraqqiyot boʻladi.
Taʼlim va tarbiya rivojlangan jamiyatda radikalizm va ekstremizm kayfiyatlari hech qachon ildiz otolmaydi.
Biz kelgusida ham bu yoʻlda boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirib, 2025-yilda bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasini 80 foizga yetkazish uchun barcha zarur choralarni amalga oshiramiz.
Bundan tashqari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan koʻrsatkichlarga erishish doirasida 2025-yilga qadar 6 yoshli bolalarning 100 foizini maktabga tayyorgarlik dasturi bilan qamrab olishni maqsad qilib olganmiz.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Anjumanimizda jahonning 150 mamlakatidan vakillar tashrif buyurgani bugungi kunda maktabgacha taʼlim sohasini rivojlantirish global darajada dolzarb ahamiyatga ega ekanidan yaqqol dalolat beradi.
Ishonchim komil, mazkur konferensiya butun dunyoda 2030-yilga qadar maktabgacha taʼlim sohasiga oid siyosatni belgilab olish va shu orqali yosh bolalarga sifatli taʼlim berish yoʻlida xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishda yangi imkoniyatlar yaratadi.
Shulardan kelib chiqib, biz quyidagi muhim takliflarni ilgari surishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.
Birinchidan, shiddatli dunyoda turli xavf-xatarlar kuchayib borayotgan davrimizda eng zaif qatlam boʻlgan maktabgacha yoshdagi bolalar ham jiddiy aziyat chekmoqda.
Shu sababli, kichik yoshdagi bolalar uchun sifatli taʼlim berish muammolarini global darajada samarali hal qilish, bu masalalarga birgalikda tezkor yechimlar va tizimli yondashuvlarni ishlab chiqish juda dolzarbdir.
Buni inobatga olib, mazkur xalqaro konferensiyani muntazam ravishda oʻtkazib borishni taklif etamiz.
Ikkinchidan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga uygʻun boʻlgan taʼlim boʻyicha barcha saʼy-harakatlarimizni tizimli muvofiqlashtirish maqsadida Toshkentda YUNESKOning mintaqaviy markazini tashkil etish tashabbusimizni maʼqullaysizlar, deb ishonaman.
Shuningdek, Kichik yoshdagi bolalar taʼlimi boʻyicha jahon tashkiloti bilan qoʻshma loyiha va tadqiqotlarni olib borish, tarbiyaning yangicha uslublarini va metodik qoʻllanmalarni tayyorlash uchun keng qamrovli dasturni ishlab chiqishni taklif etaman.
Shu bilan birga, mazkur yoʻnalishda jahonda toʻplangan ilgʻor tajribalar, zamonaviy interaktiv oʻqitish uslublari, amaliy bilim va koʻnikmalar bilan oʻzaro almashish maqsadida tarbiyachilar xalqaro hamjamiyatini tashkil etish tashabbusini ilgari suramiz.
Uchinchidan, 2024-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan oʻtkaziladigan kelajak sammitining umumiy kun tartibidagi asosiy mavzulardan biri sifatida, kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va taʼlim berish masalasini kiritish hamda unga alohida sessiyani bagʻishlash muhimdir.
Bugungi konferensiya yakunlari boʻyicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining bolalar tarbiyasi masalalari umumbashariy taraqqiyotga erishishning muhim omili ekani toʻgʻrisida maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish ayni muddao boʻlar edi.
Ushbu hujjatda ota-onalarni bolalarning sifatli taʼlim va tarbiya olishi, maʼnaviy va jismoniy barkamolligini taʼminlashdagi rolini, ularning qobiliyat va salohiyatlarini toʻliq namoyon etish borasidagi masʼuliyatini yanada oshirish kabi masalalar oʻz ifodasini topishi lozim.
Muhtaram xonimlar va janoblar!
Bugungi konferensiya qizgʻin munozara va oʻzaro fikr almashuvlar ruhida oʻtishiga, unda yangi gʻoya va tashabbuslar, aniq taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqilishiga ishonaman.
Anjuman yakunlari boʻyicha qabul qilinadigan Toshkent deklaratsiyasi kelgusida ushbu yoʻnalishda biz birgalikda amalga oshiradigan saʼy-harakatlarimiz uchun asos boʻlib xizmat qilishi shubhasiz.
Fursatdan foydalanib, barchangizga mustahkam salomatlik va omadlar, anjuman ishiga esa ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Eʼtiboringiz uchun rahmat.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q