“Siz nima qilib berdingiz tumanga?” Uchtepa hokimligi jurnalistning gaz muammosi haqidagi postiga izoh qoldirdi (foto)

Saqlash
14:56 / 15.11.2022 1262 0

Jurnalist Aziza Qurbonova oʻzining Facebook sahifasiga Uchtepa tumanida gaz bosimi juda pasayib ketgani haqida post joylashtirdi. Tuman hokimligi esa postga izoh yozib, jurnalistga uning oʻzi tumanga qanday foyda keltirgani haqida savol berdi.

 

Jurnalist joylashtirgan rasmiga “Salom, mening nomim — gaz. Lekin bunga shubham bor. Kuchim faqat miltillashga yetadi. 20 minutdan beri choy ham qaynatolmayman. Egalarim oʻtmishim — oʻchoqqa qaytishgan. Ha, shunaqa. Manzilim — Uchtepa tumani Choʻponota mahallasi”, — deya izoh qoldirgan edi.

 

Uchtepa tumani hokimligi sahifasi esa ushbu postga quyidagicha munosabat bildirdi.

 

“Boʻldi-da, Azizaxon, nima qilasiz olovga yogʻ sepib? Hamma narsa nazoratga olingan. Qani, bir kun kelib Uchtepada ishlang-chi, koʻraman. Bas qiling xalq gʻazabini qoʻzgʻatishni. Siz nima qilib berdingiz Uchtepaga? Tepada oʻtirib, aqllilik qilish nechogʻlik oson-a? Men ham siz oʻtirgan joyda anchagina oʻtirganman, lekin bunaqangi kattalik qilib, birovning gʻazabini keltirmaganman, Allohga shukur”.

 

Aziza Qurbonova hokimlik sahifasini yuritayotgan shaxsning ismi bilan qiziqqanda, shunday javob boʻldi:

 

“Mening ismim — Uchtepa tumani hokimligi va men xalqimning ogʻir va yengil kunlarida ham birga boʻlib, ular nafas olayotgan havodan nafas olaman, ular yurgan yoʻllardan yuraman, ularning dardi bilan yashayman. Mana men kimman, Azizabonu. Va sizga ham shuni tavsiya qilaman. Oʻzingizdan kattalarga hurmat bilan yondashishni tavsiya qilaman”.

 

 

 

Shundan soʻng Aziza Qurbonova telegram kanalida hokimlik axborot xizmatining saviyasini tanqidga oldi.

 

“Tepadagi postimga Uchtepa tumani hokimligining Feysbukdagi akkaunti shunday javob beribdi. Koʻp ehtimol bilan bu matbuot xizmati boshligʻining gaplari. “Toʻrabek Toʻrayev?” degan savolimga javob ham bermadi va inkor ham etmadi. Klassik javob berilgan-a, nima dedingiz? Yashasin, “noliyverma, sen oʻzing davlatga nima qilib qoʻyding” klishesi.

 

Yashasin, axborot xizmatining saviyasi.

 

Yashasin, xalqining ogʻir va yengil kunlarida birga shu havodan nafas olgan va olayotgan, qachondir tepada (qaysi tepaligiga aniqlik kiritilmagan) ishlaganida birovni gʻazablantirmagan va “aq(i)llilik” qilmagan Uchtepa tumani hokimligi akkaunti.

 

Yashasin, olovga (qani oʻsha olov? 2 soatdan beri teftel shoʻrvam qaynamaydi) yogʻ sepadigan va oʻzi tumanga hech narsa qilib bermagan, kattalarni hurmat qilmaydigan, Uchtepa tumani hokimligi akkaunti avval oʻtirib koʻrgan tepada oʻtiradigan (qaysi tepa ekan, borardim oʻshatga) gʻalamis Azizabonu. Mana oʻzbekcha crisis communication va public relationsʼdan mahorat darsi. Oʻrganinglar. Esiz, — deb yozadi jurnalist.

 

Avvalroq Energetika vazirligi elektr va gaz taʼminotidagi muammolarni toʻgʻri tushunishga chaqirgan edi. Unda, xususan, kunlar keskin soviy boshlagandan soʻng isteʼmolchilarning elektr energiyasi va gazga boʻlgan talabi ham ortib borayotgani, shuningdek, sovuq kunlarda magistral gaz quvurlari va tarmoqlarida tabiiy gaz bosimining ham keskin pasayishi kuzatilayotgani maʼlum qilingandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//