Jamiyat
Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Davlat fuqarolik xizmatida rotatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qildi.
Unga koʻra, 2023-yil 1-yanvardan boshlab davlat fuqarolik xizmatchilari majburiy, rejali va rejadan tashqari tartibda rotatsiya qilinadi, yaʼni egallab turgan lavozimdan teng boʻlgan boshqa davlat fuqarolik xizmati lavozimiga oʻtkaziladi.
Davlat fuqarolik xizmatchisini rotatsiya qilish ularning salohiyati va tajribasidan oqilona foydalanish, manfaatlar toʻqnashuvi, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida amalga oshiriladi.
Majburiy ravishda rotatsiya tartibidagi tayinlovlar lavozimni egallagan kundan boshlab har besh yilda amalga oshiriladi. Bunda qonunchilikka muvofiq boshqa muddatlar belgilanishi mumkin.
Quyidagi davlat fuqarolik xizmatchilari rotatsiya qilinmaydi:
tayyorlash, qayta tayyorlashdan va malaka oshirishdan oʻtayotgan;
homilador ayollar, uch yoshga toʻlmagan bolalari bor ayollar;
tibbiy xulosaga asosan oʻzlari yoki ular bilan birga yashovchi oila aʼzolari sogʻligʻi holati rotatsiya oʻtkazilayotgan davlat fuqarolik xizmati lavozimi boʻyicha xizmat majburiyatlarini amalga oshirish imkoniyatini bermaydiganlar;
pensiya yoshiga yetishiga uch yil qolganlar.
Rotatsiya davlat fuqarolik xizmatchisi oʻtadigan lavozimga qoʻyiladigan malaka talablariga javob berishi sharti bilan amalga oshiriladi. Rotatsiya asosida boshqa lavozimga tayinlangan davlat fuqarolik xizmatchilarining samarali faoliyati uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha kasbiy bilimlar, koʻnikmalar va malakalarni egallash maqsadida davlat organi tomonidan qayta tayyorlash kurslari tashkil etiladi.
Rotatsiya qilinayotgan davlat fuqarolik xizmatchisini va uning oila (turmush oʻrtogʻi va farzandlari) aʼzolarini yangi xizmat joyiga koʻchib oʻtish xarajatlari qoplanadi. Yangi xizmat oʻtash joyida yashash uchun turar joy yoki xizmat uyi bilan taʼminlanadi yoki turar joy yoki xizmat uyi bilan taʼminlashning imkoniyati yaratilganga qadar oila aʼzolari sonidan kelib chiqqan holda ijaraga olingan uy uchun ijara puli toʻlab beriladi.
Ushbu hujjat loyihasi muhokamasi 25-noyabrgacha davom etadi.
Sport
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q