15 yashar oʻsmirning oʻligi chiqqan IIB markazi rahbari va ikki xodimi ishdan olindi

Saqlash
15:30 / 14.11.2022 1074 0

16-oktabr kuni Fargʻona viloyat IIB tasarrufidagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markaziga olib kelingan 15 yashar oʻsmir 18-oktabr kuni shu muassasada vafot etgani ortidan markaz xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangandi.

 

Fargʻona viloyat IIB axborot xizmatining xabar berishicha, IIV tomonidan oʻtkazilgan xizmat tekshiruvi yakuni boʻyicha Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazi boshligʻi egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

 

Shuningdek, xizmat faoliyatida yoʻl qoʻygan kamchiliklari uchun 3 nafar xodimga “Hayfsan” berilgan. 4 nafar xodim esa lavozimiga loyiq yoki noloyiqligini aniqlash maqsadida navbatdan tashqari attestatsiyadan oʻtkazilishi belgilangan.

 

Avvalroq oʻlim yuz bergan kunda navbatchilik qilgan 2 nafar ichki ishlar organi xodimi tarbiyalanuvchilarni nazoratsiz qoldirib, janjalning oldini olmagani uchun vazifasidan chetlatilgan hamda ularga nisbatan toʻplangan hujjatlar qonuniy chora koʻrish uchun viloyat prokuraturasiga taqdim qilingandi.

 

Eslatib oʻtamiz, 15 yashar oʻsmir Buvayda tumani IIB boshligʻining 16-oktabrdagi qarori bilan Qoʻqon shahridagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markaziga joylashtirilgan. Viloyat prokuraturasiga koʻra, markazga joylashtirilgan kunning ertasiga, yaʼni 17-oktyabrda yigitning sogʻligʻi yomonlashib, hushidan ketgan. Shundan soʻng, tez yordam xodimlari unga tibbiy yordam koʻrsatib, shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan.

 

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga koʻra, marhumning oʻlimiga “bosh miya kalla yopiq shikasti, miya qattiq parda ostiga qon quyilishi, bosh miya moddasining lat yeyishi” sabab boʻlgan. Rasmiylar marhum markazdagi sakkiz nafar bola bilan sodir boʻlgan mushtlashuvdan soʻng oʻlganini aytishmoqda.

 

Ayni paytda, mazkur holat yuzasidan Qoʻqon shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (Jabrlanuvchining oʻlimiga sabab boʻlgan ogʻir tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

 

Bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsiddinov roʻy bergan hodisa yuzasidan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida ikki kishi qamoqqa olinganini aytgan. Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux Gʻiyosov Daryo nashriga buvaydalik oʻsmirning oʻlimida sakkiz nafar shaxs gumonlanayotganini maʼlum qilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//