Oʻzbekiston va Vengriya avtomobilsozlikda hamkorlik qilishga kelishib oldi

Saqlash
13:52 / 11.11.2022 771 0

10-noyabr kuni Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti arafasida Oʻzbekiston-Vengriya biznes-forumi boʻlib oʻtdi.


Unda Oʻzbekistonning asosiy vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari rahbarlari hamda AKT, qurilish, mashinasozlik, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat va yengil sanoat, tibbiyot va farmatsevtika, transport, logistika va boshqa sohalarda faoliyat yurituvchi 200 ga yaqin yirik venger va oʻzbek kompaniyalari vakillari qatnashdi.

 
Forumning ochilish marosimida Oʻzbekiston bosh vaziri oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev hamda Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyarto ishtirok etdi.

 

Muqobil energetikani rivojlantirish, foydali qazilmalarni qazib olish va chuqur qayta ishlash, qishloq xoʻjaligi, avtomobilsozlik, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish va turizm kabi sohalar qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirishning eng istiqbolli yoʻnalishlari sifatida belgilandi.

 

“Avtomobillarning yillik ishlab chiqarish hajmini 500 mingtaga yetkazish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Shu bois, extiyot va butlovchi qismlariga talab ortib boradi. Bu esa oʻz oʻrnida – Vengriyalik hamkorlar bilan birgalikda yangi ishlab chiqarishlarni barpo etish uchun asos boʻladi”, – dedi Jamshid Xodjayev

 

Tadbir yakunida 8 ta hujjat, jumladan, avtomobilsozlik, transport-logistika xizmatlari, yengil sanoat, parrandachilik sohalarida hamkorlik toʻgʻrisida kelishuv va shartnomalar hamda tibbiyot va farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish, ilmiy-texnika va baliqchilik sohasida oʻzaro anglashuv memorandumlari imzolandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//