Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidenti Rajab Tayyip Erdogʻonni Oʻzbekistonning oliy darajali “Imom Al-Buxoriy” ordeni bilan taqdirladi.
“Hurmatli Rajab Tayyip Erdogʻon janobi oliylari! Sizlarni Samarqandda koʻrib turganimdan xursandman. Bugun tarixiy voqea. Bugun qardoshim Rajab Tayyip Erdogʻon Oʻzbekistonning oliy darajali “Imom Al-Buxoriy” ordeni bilan taqdirlandi.
Xabaringiz bor, 2017-yili BMTning 72-sessiyasida ulugʻ bobomiz Imom Al-Buxoriyning merosini oʻrganish haqida gapirgandim va oʻsha paytda Turkiya prezidenti, qardoshim Rajab Tayyip Erdogʻon bu fikrlarni qoʻllab-quvvatlagan edi. Oʻzbekistonda Imom Al-Buxoriy nomidagi Toshkent Islom universiteti faoliyat koʻrsatmoqda.
Ulugʻ ajdodimiz rivoyat qilgan hadisi sharifda: “amallar niyatlarga bogʻliqdir” deb taʼkidlanadi. Shu bois ham biz Oʻzbekistonda Imom Buxoriy bobomizning merosini chuqur oʻrganish uchun Samarqand zaminida ul zotning nomida xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va hadis ilmi maktabini tashkil etdik.
Oʻzbekiston xalqi Sizning qardosh ellarimiz oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqish, oʻzaro manfaatli loyihalarni samarali amalga oshirish borasidagi shaxsiy hissangizni yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.
Ishonchim komilki, umumiy til va madaniyatga, ajdodlarimizning boy merosiga, mushtarak intilishga asoslangan doʻstlik va qardoshlik munosabatlarimiz yanada ravnaq topadi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, Turkiya prezidenti ham nutq soʻzlab, fiqh ilmini egallagan kishi nomidagi ordenning berilishini yuksak qadrlashini va ushbu orden mamlakatlar oʻrtasidagi azaliy va abadiy hamkorlikning natijasi deb bilishini maʼlum qildi.
“Hurmatli prezident, aziz mehmonlar, sizlarni aziz tuygʻularim ila salomlayman. Fiqh ilmini egallagan kishi nomidagi ordenni menga berilishini yuksak qadrlayman. Ushbu orden mamlakatlarimiz oʻrtasidagi azaliy va abadiy hamkorlikning natijasi deb bilaman.
Buyuk bir faxr ila, gʻurur ila ushbu yuqori darajali ordenni olishdan yana bir bor baxtli ekanligimni taʼkidlagan holda, qardoshim Shavkat Mirziyoyevga minnatdorchilik bildiraman. Avvalambor, shuni aytmoqchimanki, talabalik yillarimizda Imom Al-Buxoriyning hadislar toʻplami bilan yaqindan tanishganmiz. Bu biz uchun avvalambor eng muhim manba sifatida qoʻllanilgan. Biror hadis haqida gap ketganda, biz ushbu hadislar kitobiga murojaat qilganmiz”, — dedi Rajab Tayyip Erdogʻon.
Maʼlumot uchun, “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni ilm-fan va madaniyat, jumladan, islom maʼrifati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti hamda ilmiy merosini oʻrganish va xalqaro maydonda keng targʻib qilishda katta yutuqlarga erishgan xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlariga beriladi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q