Tadqiqot: Xolesterin va diabetga qarshi muolajalar koʻz ravshanligini taʼminlaydi

Saqlash
20:45 / 10.11.2022 1118 0

Yosh oʻtgan sayin aksariyat insonlarning koʻrish qobiliyati zaiflashib boradi. Bu xastalik tibbiyotda makulyar degeneratsiya deb nomlanadi. 

 

Maʼlumotlarga koʻra, hozirgi kunda birgina Yevropa mamlakatlarida taxminan 67 million kishi ushbu kasallikdan aziyat chekmoqda. 

 

Xalqaro tadqiqotchilar guruhi tomonidan olib borilgan izlanishlar natijasida yosh bilan bogʻliq ushbu koʻz xastaligi xavfini kamaytirish yoʻli topildi.

 

Tajriba sinovlari shuni koʻrsatdiki, organizmda xolesterin moddasining yuqori darajasini davolash yoki qandli diabetning ikkinchi tipini nazorat qilishga moʻljallangan dori-darmonlarni muntazam isteʼmol qilish orqali bu dardga chalinish ehtimolini pasaytirish mumkin. 

 

Tadqiqotga 50 yoshdan oshgan kishilar jalb etildi. Ular toʻrt toifa, yaʼni tanasida xolesterin darajasini pasaytirish, diabetni nazorat qilish, yalligʻlanishlarni bartaraf etish yoki tayanch-harakat tizimi xastaliklarini davolash maqsadida dorilar qabul qilayotgan bemorlar orasidan saralab olindi.

 

Yakunda xolesterin yoki diabetga qarshi qoʻllanilgan preparatlar yosh bilan bogʻliq makulyar degeneratsiyaga chalinish xavfini 22 foizgacha kamaytirishi mumkinligi maʼlum boʻldi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//