Saida Mirziyoyeva: “Oʻqituvchilarga tekin xizmatkor sifatida qarashga barham berishimiz shart”

Saqlash
20:20 / 10.11.2022 1585 0

Saida Mirziyoyeva maktab oʻqituvchilarini hali ham majburiy ravishda oʻzlarining xizmat vazifalariga kirmaydigan turli ishlarga jalb etilayotganiga oid holatlarga munosabat bildirarkan, mutasaddilarni oʻqituvchilarga noqonuniy vazifalar yuklashni bas qilishga chaqirdi.
 

“Oʻqituvchilarni xuddi yigirma yil oldingi kabi yana xonadonlarni aylanib chiqishga va oʻquvchilar roʻyxatini tuzishga majbur qilishayotgani haqida eshitib, juda xafa boʻldim.

 

Men oʻqituvchilarga boʻlgan munosabatni qayta koʻrib chiqish oʻta zarur deb hisoblayman va mutasaddilardan ularning zimmasiga keraksiz va noqonuniy vazifalar yuklashni bas qilishlarini soʻrab qolaman.

 

Oʻqituvchilarning asosiy vazifasi — farzandlarimizga bilim berish orqali mamlakatimiz kelajagini taʼminlashdir.

 

Buning oʻzi juda murakkab vazifa. Taʼlim yoʻnalishida shundoq ham muammolar gʻij-gʻij boʻlib turganida, ustiga-ustak oʻqituvchilar gardaniga yana qandaydir qoʻshimcha vazifalar yuklash — bu endi ortiqcha.

 

Oʻqituvchilarni ortiqcha ishlarga majbur qilish nafaqat maktabga, balki Oʻzbekiston kelajagiga ham zarar yetkazadi.

 

Men barcha masʼul shaxslardan ushbu muammoni imkon qadar tezroq hal qilish va oʻqituvchilardan dars berishdan boshqa barcha vazifalarni ozod qilishini soʻrayman.

 

Hozir mamlakatimizda taʼlim birinchi raqamli ustuvor masaladir. Biz oʻqituvchilarga tekin xizmatkor xodim sifatida qarashga barham berishimiz shart. Ular jamiyatning eng hurmatli va ardoqli qatlamiga aylanishi, buning uchun barcha birdek harakat qilishi zarur deb hisoblayman. Zero faqat taʼlim, faqat oʻqituvchilar yordamidagina biz taraqqiyotga erisha olamiz. Farzandlarimiz kelajagi ularning hayotda oʻz oʻrnini topishlari uchun ham ustozlarimizni eʼzozlashimiz shart!” deydi Saida Mirziyoyeva.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//