Toshkentdagi G‘alaba bog‘ida Leningrad monumenti quriladi

Saqlash
16:29 / 08.11.2022 1172 0

7 noyabr kuni poytaxtga tashrif buyurgan Sankt-Peterburg shahri gubernatori Aleksandr Beglov va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev G‘alaba bog‘ida qurilishi rejalashtirilgan Leningrad monumenti haykaliga tamal toshini qo‘yishdi.

 

Ushbu haykal qamaldagi Leningraddan evakuatsiya qilinganlarni qabul qilgan o‘zbek xalqiga minnatdorlik belgisi sifatida o‘rnatiladi, deyiladi xabarda.

 

«Leningradlik-peterburgliklar qalbida qamalda qolgan, Leningradni himoya qilgan o‘zbek askarlariga chuqur minnatdorlik hissi bor. Bizni minglab evakuatsiya qilingan leningradliklarni o‘z yerlariga qabul qilgan respublika aholisi xotirasi birlashtiradi», — dedi Aleksandr Beglov.

 

Foto: Sankt-Peterburg adminstratsiyasi matbuot xizmati

 

Shuningdek , u Sankt-Peterburg nomidan Ikkinchi jahon urushi yillarida 5 mingdan ortiq Leningrad blokadasidan omon qolganlarga boshpana bergan O‘zbekistonga chuqur minnatdorlik bildirdi.

 

Poytaxt hokimligida Sankt-Peterburg shahrining gubernatori Aleksandr Beglov boshchiligida Shimoliy poytaxtning ijro hokimiyati, savdo-iqtisodiy, madaniy va ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiyasining tashrifi bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.

 

Aleksandr Beglov Sankt-Peterburgni Toshkent va Rossiyaning shimoli-g‘arbiy mintaqasi bilan hamkorligi uchun aloqa markaziga aylanishga tayyorligini ta’kidladi, bu «shubhasiz, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hajmini oshirishga xizmat qilishini» qayd etdi.

 

Sankt-Peterburg rahbari, shuningdek, shahar meva-sabzavot, to‘qimachilik mahsulotlari yetkazib berishni kengaytirish, tibbiyot turizmini rivojlantirish, ta’lim, ekologiya, iqtisodiyot, ijtimoiy va yoshlar siyosati, mehnat migratsiyasi, qurilish sohalarida hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini aytdi.

 

Toshkent hokimi Sankt-Peterburgda O‘zbekiston to‘qimachilik yarmarkasini tashkil etishni taklif qildi va Rossiyaning shimoliy poytaxti investorlari ishtirokida Toshkentda mebel ishlab chiqarishni kengaytirishdan manfaatdor ekanini ma’lum qildi.

 

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

 

«Peterburgliklar O‘zbekistondan kelayotgan yuqori sifatli meva-sabzavot mahsulotlarini yaxshi bilishadi va qadrlashadi. Shahrimiz ta’minotni kengaytirishdan manfaatdor. Biz Sankt-Peterburgda O‘zbekistondan mahsulotlarni tarqatish va sotishga yo‘naltirilgan ulgurji tarqatish markazlari tarmog‘ini yaratish loyihasini amalga oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqyapmiz», — dedi Aleksandr Beglov. Uchrashuv ishtirokchilari mehnat migratsiyasi sohasida ham aloqalarni mustahkamlash zarurligini ta’kidladi.

 

Gubernator Otriqxo‘jayevga 2023 yilda Sankt-Peterburgda Toshkent kunlarini o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qildi. Uchrashuv ishtirokchilari turizmni, jumladan, tibbiy turizmni rivojlantirish istiqbollarini ham muhokama qildi.

 

Toshkent shahar hokimi Sankt-Peterburgning sog‘liqni saqlash, ta’lim, iqtisodiyot, savdo, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, mehnat munosabatlari va boshqa sohalardagi hamkorlik tashabbuslarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

 

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

 

Uchrashuv yakunida tomonlar — Toshkent shahar hokimligi va Sankt-Peterburg hukumati o‘rtasida 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy sohalardagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini imzoladi.

 

Reja savdo-iqtisodiy va gumanitar aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha bandlarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, shu qatorda mehnat va ijtimoiy siyosat, fan va ta’lim, uy-joy-kommunal xizmat ko‘rsatish, madaniyat va sport, ekologiya, yoshlar sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirishni nazarda tutadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//