Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti tufayli Samarqanddagi OTM talabalariga taʼtil berilmaydi

Saqlash
03:14 / 08.11.2022 1379 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti oʻtkazilishi munosabati bilan hududdagi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarga taʼtil berilishi haqida xabarlar tarqalgandi.

 

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi ushbu xabarlar asossiz ekani va oʻsha kunlari Samarqanddagi barcha oliy oʻquv yurtlarida tasdiqlangan oʻquv jadvaliga koʻra dars jarayonlari odatdagidek davom etishini maʼlum qildi.

 

Maʼlumot uchun, 10-11-noyabr kunlari Samarqandda Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti boʻlib oʻtadi. Tadbirda 5 ta aʼzo mamlakat — Oʻzbekiston, Turkiya, Ozarboyjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston hamda 2 ta kuzatuvchi — Turkmaniston va Vengriya mamlakatlari rahbariyati ishtirok etishi kutilmoqda.

 

Shuningdek, sammitda Tashkilot Bosh kotibi, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) bosh kotibi, Turkiy tilli davlatlar parlament assambleyasi (TURKPA) bosh kotibi, Xalqaro turkiy akademiya prezidenti v.b., Turkiy meros va madaniyat fondi prezidenti, Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar Kengashi raisi ham ishtirok etishi rejalashtirilgan.

 

Samarqand sammitida 10 dan ortiq hujjat imzo uchun kiritiladi.

 

Tadbirning asosiy hujjati bu – aʼzo mamlakatlarning eng muhim mintaqaviy va global muammolar boʻyicha mujassamlashgan pozitsiyalari oʻz ifodasini topgan Turkiy davlatlar tashkiloti Samarqand sammiti deklaratsiyasidir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//