Oʻzbekiston oʻrtacha oylik ish haqi boʻyicha Markaziy Osiyoda nechanchi oʻrindaligi maʼlum qilindi

Saqlash
17:09 / 03.11.2022 1308 0

Markaziy Osiyoning beshta davlatida ish haqi taqqoslab koʻrilganida, Oʻzbekistonning uchinchi oʻrinda ekani maʼlum boʻldi.

 

2022-yilning yanvar-sentabr oylarida Oʻzbekistonda oʻrtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 3,72 million soʻmni (335 dollar) tashkil etdi.

 

2021-yilning shu davriga nisbatan oʻsish 24,9 foizga teng boʻldi, deb xabar berdi Davlat statistika qoʻmitasi.

 

Oʻrtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi (keyingi oʻrinlarda — oʻrtacha ish haqi) tarkibiga qoʻshimcha toʻlovlar, ragʻbatlantirish toʻlovlari, kompensatsiya toʻlovlari va ishlamagan soatlar uchun toʻlovlar, shuningdek jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi va kasaba uyushma fondiga ajratmalar ham kiradi.

 

Davlat statistika qoʻmitasi uning miqdorini hisoblash uchun turli sohalardagi 3 milliondan ortiq ishchilarning maʼlumotlaridan foydalangan.

 

Oʻzbekiston bu koʻrsatkich boʻyicha Markaziy Osiyoda uchinchi oʻrinda turibdi.

 

1. Qozogʻiston – 650 $;

2. Turkmaniston – 383 $;

3. Oʻzbekiston – 335 $;

4. Qirgʻiziston – 279 $;

5. Tojikiston – 159 $.

 

Taqqoslash uchun, Rossiyada bu koʻrsatkich 828 $.

 

Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiyada oʻrtacha oylik nominal ish haqi miqdori (real ish haqi inflyatsiyani hisobga olgan holda aniqlanadi) doimiy oʻzgarib turadi.

 

Reytingni tuzishda Tojikiston boʻyicha avgust oyi oxiri, Oʻzbekiston boʻyicha sentyabr oxiri, boshqa mamlakatlar uchun yilning birinchi yarmidagi maʼlumotlar hisobga olingan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//