Shavkat Mirziyoyev II Oʻzbekiston xalqaro iqtisodiy forumi ishtirokchilariga murojaat qildi

Saqlash
11:11 / 03.11.2022 964 0

Shavkat Mirziyoyev II Oʻzbekiston xalqaro iqtisodiy forumi ishtirokchilariga murojaat qildi. Murojaat davlat rahbari matbuot xizmati tomonidan eʼlon qilindi.

 

Hurmatli forum ishtirokchilari!

 

Xonimlar va janoblar!

 

Siz, azizlarni Buyuk ipak yoʻlining muhim chorrahasi boʻlgan qadimiy va betakror Samarqand shahrida II Oʻzbekiston xalqaro iqtisodiy forumining ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy qutlab, barchangizga oʻzimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

 

Bu yilgi anjumanning asosiy muloqot mavzusi “Inson manfaatlarini iqtisodiy islohotlarning bosh mazmuniga aylantirish” masalasiga bagʻishlangani bejiz emas.

 

Dunyoda davom etayotgan murakkab pandemiya va global iqtisodiy inqiroz oqibatlari, turli notinchliklar va ziddiyatlar fonida yuzaga kelayotgan oziq-ovqat va energetika xavfsizligini taʼminlash, iqlim oʻzgarishi muammolari inson taqdiri haqida jiddiy bosh qotirishni kun tartibiga dolzarb masala qilib qoʻyayotganini albatta hammamiz koʻrib turibmiz.

 

Bugungi forum nufuzli xalqaro tashkilotlar, yetakchi xorijiy kompaniyalar va taniqli ekspertlar ishtirokida bu boradagi ilgʻor tajribalarni muhokama qilish hamda birgalikda umumiy harakatlar rejasini ishlab chiqish uchun qulay imkoniyat boʻlib xizmat qiladi, deb ishonaman.

 

Qadrli doʻstlar!

 

Biz xalqimiz bilan bamaslahat ishlab chiqilgan va hozirgi vaqtda jadal amalga oshirilayotgan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida “Inson qadri uchun” degan ezgu gʻoya asosida barcha sohalarda faol islohotlarni amalga oshirish boʻyicha ustuvor vazifalarni belgilab oldik.

 

Xususan, mamlakatimizda 2022-2026-yillarda inklyuziv va barqaror iqtisodiy oʻsishga erishish, inson kapitalini rivojlantirish va kambagʻallikni kamida 2 barobarga qisqartirishni maqsad qilganmiz. Buning uchun, biz quyidagi ustuvor vazifalarni tizimli ravishda amalga oshirmoqdamiz.

 

Birinchidan, iqtisodiyotda xususiy sektor rolini tubdan oshirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, investitsiya va sogʻlom raqobat muhitini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

 

Bu borada hududlarning sharoiti, oʻziga xos xususiyati va imkoniyatidan kelib chiqqan holda, biznes uchun soliq yukini izchil kamaytirib borish va moliyaviy resurslar bilan taʼminlash katta ahamiyat kasb etmoqda.

 

Ikkinchidan, aholining turmush sifatini oshirish va yashash sharoitini yanada yaxshilash maqsadida har bir mahallaning infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli dasturlarni hayotga joriy etmoqdamiz.

 

Jumladan butun respublikamiz boʻyicha “Obod qishloq”, “Obod mahalla” va “Tashabbusli byudjet” dasturlari doirasida aholi uchun zarur boʻlgan ichimlik suv, elektr energiyasi taʼminoti, ichki yoʻllar holati yaxshilanib, taʼlim, tibbiyot muassasalari va boshqa ijtimoiy obyektlar barpo etilmoqda.

 

Uchinchidan, aholining kambagʻal va ehtiyojmand qatlamlarini manzilli ijtimoiy himoya tizimi bilan toʻliq qamrab olish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash koʻlamini kengaytirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.

 

Bunda professional taʼlim sifatini oshirish, mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan zamonaviy kasb-hunarlarga oʻqitish orqali aholini, birinchi navbatda yoshlarni va xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish va kafolatli daromad manbai bilan taʼminlash masalasi strategiyamizda muhim oʻrin tutadi.

 

Toʻrtinchidan, tashqi bozorlar va hamkor davlatlarda yuzaga kelgan tahlikali vaziyat sharoitida mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash hamda inflyatsiya surʼatlarini jilovlash choralari koʻrilmoqda. Natijada, joriy yilda mamlakatimizda 5 foizdan yuqori iqtisodiy oʻsish kutilmoqda.

 

Beshinchidan, qishloq xoʻjaligiga suv va resurs tejovchi, “aqlli” texnologiyalarni joriy etgan holda, mahsulot ishlab chiqarishning barqaror tizimlarini yaratish hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash doimiy diqqat markazimizda boʻladi.

 

Oltinchidan, barcha hamkor davlatlar bilan savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni kengaytirish, raqobatbardosh mahsulotlar bilan tashqi bozorlarga chiqish, bu borada transport-logistika tizimlarini rivojlantirish orqali oʻzaro bogʻliqlikni taʼminlash islohotlarimizning asosiy yoʻnalishlaridan biridir.

 

Hurmatli forum ishtirokchilari!

 

Albatta, Yangi Oʻzbekiston oʻz oldiga qoʻygan yuksak marralarni amalga oshirishda xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy davlatlar va yetakchi kompaniyalar bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda.

 

Shu oʻrinda, bizga xayrixoh boʻlgan, birgalikdagi loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etayotgan barcha hamkorlarimizga oʻz minnatdorligimni bildiraman.

 

Aminmanki, tadbirda Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki singari nufuzli tashkilotlar vakillari va salohiyatli investorlar qatnashayotgani mazkur forum ishini yanada samarali boʻlishiga xizmat qiladi.

 

Bugungi anjuman ishtirokchilari yangi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha oʻzaro manfaatli kelishuvlarga erishib, sheriklik aloqalarimizni yanada kengaytirishga munosib hissa qoʻshadilar, deb ishonaman.

 

Fursatdan foydalanib, barchangizga mustahkam sogʻliq, sharafli va masʼuliyatli faoliyatingizda ulkan kuch-gʻayrat va omadlar, forum ishiga esa katta muvaffaqiyatlar tilayman.

 

Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish