Jamiyat
Oʻzbekistonning qadimiy kenti Samarqand hamda Yaponiyaning koʻhna poytaxti Nara birodar shaharlar deb eʼlon qilindi. Bu haqda Yaponiya elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.
Birodarlik aloqalarini oʻrnatish toʻgʻrisidagi bitim Samarqandda ikki shahar hokimi – Fazliddin Umarov va Nakagava Gen tomonidan imzolandi. Marosimda, shuningdek, Oʻzbekiston bosh vaziri oʻrinbosari – turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, Nara parlamenti raisi Kita Yosiaki hamda Yaponiyaning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Fujiyama Yoshinori qatnashdi.
“Biz birodar shahar nomzodi borasida uzoq oʻyladik. Boz ustiga, yigirma yildan buyon biror shahar bilan bunday munosabat oʻrnatmaganmiz. Yakunda bizning tanlovimiz, bizga munosib deb bilganimiz Samarqand boʻldi. Tarixi, madaniyati uzoq oʻtmishga borib taqaladigan koʻhna shahar bilan mustahkam doʻstlik rishtalari bogʻlanganidan mamnunmiz”, – dedi Nara hokimi.
Eʼtiborga molik jihati, bu – Oʻzbekiston hamda Kunchiqar oʻlka shaharlari oʻrtasida ilk birodarlik munosabati oʻrnatilishidir. Yangi bitimning imzolanishi nafaqat Samarqand va Nara, balki umuman ikki mamlakat oʻrtasidagi aloqalarni chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Ikki qadimiy shahar oʻzaro birodarlik munosabati oʻrnatgani tasodif emas. Zero, ular oʻrtasida mushtarak jihatlar talaygina. Oʻz davrida poytaxt boʻlgan har ikki shaharda tarixiy obidalar bisyor, ularning katta qismi YUNESKOning butunjahon meros roʻyxatiga kiritilgan. Har ikki shahar davlatchilik beshigi, turizm markazi sanaladi. Samarqand osha oʻtgan Buyuk ipak yoʻlining sharqiy boʻgʻini Nara shahrida yakun topgani ham ramziy maʼnoga ega.
Oʻzbekiston hamda Kunchiqar oʻlka oʻrtasida turli sohalardagi aloqalar faollashmoqda. Kecha, 25-oktyabr kuni Toshkentda iqtisodiy hamkorlik boʻyicha ikki davlat qoʻmitalarining 16-yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda qayd etilishicha, soʻnggi besh yilda Oʻzbekistonda Yaponiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni besh barobar koʻpayib, 55 taga yetdi. 2022-yilning toʻqqiz oyida oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga oshdi. Yigʻilishda Yaponiya tomoni Oʻzbekistonda raqamlashtirish darajasini 70 foizga yetkazishga koʻmaklashish niyatini bildirdi.
Jamiyat
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q