“Ma'naviyat karvoni”ning navbatdagi manzili Namangan

Saqlash
14:10 / 24.10.2022 1367 0

“Ma'naviyat karvoni” Namangan viloyatiga yetib keldi. Ayni damda 8 mingdan ortiq kitobni jamlagan “Kitob karvoni” viloyatning 14 ta shahar va tumanlariga tarqatilishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan Namangan davlat universitetida maʼrifiy tadbir oʻtkazilmoqda.

 

Tadbirda Prezident Administratsiyasi masʼul xodimi Nodir Xolboʻtayev, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo, Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid va boshqa mutasaddilar, ijodkorlar ishtirok etdi.

 

– Navbatdagi “Ma'naviyat karvoni” Namanganga yetib keldi. Hafta davomida 200 dan ortiq ilm-fan, adabiyot, sanʼat, madaniyat namoyandalari mahallalarda, mehnat jamoalarida uchrashuvlar oʻtkazishadi.

 

Aytishim kerakki, Namangan azal-azaldan maʼnaviyatning oʻchogʻi boʻlib kelgan. Qanchadan-qancha buyuk ajdodlarimizning nafasi shu yerdan taralgan, – dedi Minhojiddin Mirzo.

 

Markaz rahbari, shuningdek, viloyatda amalga oshirilayotgan yangilanishlar, yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida toʻxtaldi:

 

– Besh yil avval viloyatda 3 ta OTM boʻlgan ekan, hozirda 8 ta. Besh yil avval 27 ming talaba oʻqigan boʻlsa, hozir esa 50 ming yigit qiz oliy taʼlim olmoqda. Shu raqamlarning oʻzigina viloyatda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlardan dalolat emasmi?

 

Minhojiddin Mirzo universitet talabalari erishayotgan yutuqlarni alohida eʼtirof etib oʻtdi.

 

 

Tadbir davomida bir qator tanlovlar sovrindorlari taqdirlanib, ularga kitoblar jamlanmasi va esdalik sovgʻalari topshirildi. Xususan:

 

- “Eng fidoiy kitobxon” tanlovi gʻolibi, Norin tumani fuqarosi Madamin Abdullayev;

 

- “Zukko kitobxon” tanlovi gʻolibi, 7-maktabning ijodiy targʻibotchisi Nargiza Mavlonova;

 

- “Kitobxon oila” tanlovi gʻolibi Ashurovlar oilasi;

 

- “Eng namunali kitobxon oʻquvchi” tanlovi gʻolibi, 6-sinf oʻquvchisi Shahriyor Qosimov;

 

- “Eng yaxshi kitobxon” tanlovining hududiy bosqichi ishtirokchisi, Namangan davlat universitetining 2-kurs talabasi Muslimaxon Ahmadjonova “Ma'naviyat karvoni” aʼzolari tomonidan taqdirlandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish