Aslida ekilmagan 6,2 mln dona daraxt koʻchatlari hisobotlarga qoʻshib yozilgan – Senat

Saqlash
17:27 / 24.10.2022 949 0

“Yashil makon” loyihasi doirasida aslida ekilmagan 6,2 million dona koʻchat hisobotlarga qoʻshib yozilgan. Bu haqda Senatda boʻlib oʻtgan loyiha boʻyicha bajarilayotgan ishlarga oid majlisda maʼlum qilingan.

 

Senat axborot xizmati xabarida aytilishicha, “Yashil makon” doirasida joriy yil bahorida daraxt koʻchatlarini ekish ishlarida bir qator kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan.

 

Jumladan, daraxt ekish ishlarini tizimli tashkil etmasdan, sugʻorish va parvarishlash uchun tegishli masʼullar biriktirilmagan. Haqiqatda ekilmagan 6,2 million dona koʻchat hisobotlarga qoʻshib yozilgan, 3,4 million dona koʻchat sugʻorish tizimi boʻlmagan joylarga ekilgan. Shuningdek, 2,4 million dona koʻchat suvsizlik va yetarli parvarish boʻlmaganligi sababli bahor tugamasdan qurib nobud boʻlgan. Yerning tabiiy iqlim xususiyatlarini inobatga olmagan holda 341 ming dona koʻchat yaroqsiz yerlarga ekilgan.

 

“Yashil makon” umummilliy loyihasi 2021-yilning sentyabr oyida respublika boʻylab tatbiq etila boshlangan. Loyiha doirasida hududlarda har yili kamida 200 million tup daraxt koʻchatlari ekilishi belgilangan.

 

Masʼullarga “Yashil makon” doirasida 2022-yil yakunigacha 75 million dona va 2023-yil bahor oylarida yana 125 million dona mevali va manzarali koʻchatlar ekish vazifasi qoʻyilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//