Oʻzbekistonda 25-oktabr kuni quyosh tutiladi. Biroq respublika aholisi buni kuzata olmasligi mumkin

Saqlash
14:12 / 24.10.2022 1230 0

Yer yuzi aholisi 25-oktabr, seshanba kuni astronomik hodisalardan biri — Quyosh tutilishini kuzatishi mumkin.

 

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, ushbu tutilish qisman Quyosh tutilishi hisoblanib, tutilishning toʻliq fazasida Quyosh yuzasining deyarli 82 foizini toʻsadi. Quyosh tutilishining umumiy davomiyligi 4 soatdan ortiqroq boʻlib, Oʻzbekistonda uning 2 soatdan ziyodroq qismi kuzatiladi.

 

Ushbu astronomik hodisani Islandiya va Grenlandiya oroli, Afrikaning shimoli-sharqiy qismi, Yevropa, Yaqin Sharq, Gʻarbiy Sibir va Oʻrta Osiyo mamlakatlari aholisi kuzatishi mumkin.

 

Oʻzbekistonning hamma hududida qisman Quyosh tutilishi deyarli bir xil katta fazada kuzatiladi. Maksimum fazada Quyosh yuzasining 68% gacha boʻlgan qismi Oy tomonidan toʻsiladi. Quyosh tutilishi Toshkent vaqti bilan 15:23 da boshlanib, maksimal fazasi 16:34 ga toʻgʻri keladi, soat 17:38 da Quyosh tutilishi yakunlanadi.

 

“Oʻzgidromet” mutaxassisi Erkin Abdulahatovning yozishicha, mazkur hodisani 23—26-oktyabr kunlari respublikaga kirib kelishi kutilayotgan nam havo oqimlari soʻnggi bosqichlaridan biri sabab respublika aholisi kuzata olmasligi mumkin.

 

Boisi 25-oktyabr tushdan soʻng 14:00 dan 16:00 oraligʻida respublika osmonini bulut qoplaydi. Faqat Qizilqum choʻllari gʻarbiy va Toshkent viloyati baʼzi qismlari bundan mustasno.

 

Maʼlumot oʻrnida, qisman Quyosh tutilishi deb Quyosh yuzasining maʼlum bir qismi Oy tomonidan toʻsilishi holatiga aytiladi. Quyosh tutilishining qisman boʻlishi Oy va Quyosh markazlarining ustma-ust tushmasdan toʻsilishi bilan izohlanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//