“Qadring baland boʻlsin, ona tilim!” respublika tanlovining gʻolib va sovrindorlari taqdirlandi

Saqlash
02:49 / 22.10.2022 1762 0

“Turkiston” saroyida 21-oktabr – Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

 

Unga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi vakillari, turli idora va tashkilotlar, vazirliklarning mutasaddilari, oliy taʼlim dargohlarining professor-oʻqituvchilari, olimlar, yozuvchi va shoirlar, maʼnaviyat targʻibotchilari, talaba-yoshlar tashrif buyurdi.

 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 21-oktabr – Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan Oʻzbekiston xalqiga bayram tabrigini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Xayriddin Sultonov oʻqib eshittirdi.

 

 

Bugun jahonda 50 milliondan ortiq inson ona tilimiz – oʻzbek tilida soʻzlashmoqda. Mamlakatimizda oʻzbek tilining rivoji, uning taraqqiyot yoʻliga xizmat qiluvchi Konsepsiya ishlab chiqilgan boʻlib, mazkur hujjat izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Taʼlim maskanlarida oʻzbek tilini oʻqitish va oʻrgatishga oid ishlarni zamon ruhiga hamohang tarzda yoʻlga qoʻyishga dolzarb masala sifatida eʼtibor qaratilmoqda. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti tomonidan ona tilimiz targʻibotiga oid turli ijodiy loyihalar, tanlovlar, anjumanlar oʻtkazilmoqda, yangi kitoblar, qoʻllanmalar, lugʻatlar chop etilmoqda.

 

Tadbirda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid sana munosabati bilan Prezidentimizning Oʻzbekiston xalqiga bayram tabrigi ona tilimiz rivoji yoʻlida yangi istiqbollarni ochib berishini taʼkidladi. Shuningdek, ozarboyjonlik navoiyshunos olima Almaz Ulvi Binnatovaning onlayn tabrigi ishtirokchilar eʼtiboriga havola etildi.

 

Oʻzbekiston xalq artisti Muhammadali Abduqunduzov Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti, faoliyatiga oid monologni oʻqib berdi.

 

Bundan tashqari, tantanada mamlakatimizda uchinchi marta oʻtkazilayotgan “Qadring baland boʻlsin, ona tilim!” respublika tanlovining turli yoʻnalish va nominatsiyalari boʻyicha gʻolib va sovrindor boʻlgan tashkilotlar, idoralar vakillari qimmatbaho sovgʻalar va diplomlar bilan taqdirlandi.

 

 

Tantanali tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Odil Abdurahmonov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi raisi Zulayho Mahkamova ishtirok etdi.

 

Sanʼat ustalari ijrosidagi katta konsert dasturi namoyish etildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//