“O‘zbegim” she’ri belorus tilida yangradi

Saqlash
12:11 / 02.11.2021 1095 0

O‘zbek tili bayrami kuni xorijiy davlatlarda ham munosib nishonlanmoqda.

 

O‘zbekistonning Minsk shahridagi elchixonasi, Belorus Yozuvchilar uyushmasi va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bilan hamkorlikda O‘zbek tili bayrami kuni hamda Alisher Navoiyning 580 yilligiga bag‘ishlab onlayn ijodiy kecha o‘tkazdi.

 

Muloqot davomida ikki davlat o‘rtasidagi adabiy aloqalar mustahkamlanib borayotgani qayd etildi. Belorus Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Naum Galperovich Erkin Vohidovning belorus tiliga o‘girilgan “O‘zbegim” she’rini o‘qib berdi.

 

Qozog‘istonning Mang‘istau viloyatida O‘zbekistonning Aktau shahridagi Bosh konsulxonasi tashkil etgan tadbirda keyingi yillarda o‘zbek tilining jahon miqyosidagi nufuzi oshib borayotgani ta’kidlandi.

 

Kechada viloyat hokimiyatining millatlararo aloqalar bo‘limi boshlig‘i Maksat Tokayev, viloyatning xalq assambleyasi mutasaddilari, “Paxtakor” etnomadaniy birlashmasi a’zolari, Kaspiy davlat texnologiyalar va injinering universitetidagi o‘zbekistonlik talabalar va mahalliy OAV vakillar qatnashdi.

Turkmaniston davlat kutubxonasida 5 jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” kitobining taqdimoti o‘tkazildi.

– Kutubxonamizda 300 dan ortiq o‘zbek tilidagi kitoblar mavjud, – dedi direktor Bagdagul Samedova. – Yangi nashrlar bilan boyitib borishni rejalashtirganmiz.

 

Tadbir ishtirokchilari 80 mingta so‘zni jamlagan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” bilan yaqindan tanishdilar. O‘zbekiston elchixonasi kutubxona fondiga kitoblar sovg‘a qildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish