Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-mart kuni kimyo sanoatidagi yirik investitsiya loyihalari va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Yig‘ilish tanqidiy ruhda o‘tdi va tarmoqni “maqsad — harakat — natija” tamoyiliga asoslangan yangi strategik rejalashtirish va rivojlantirish tizimi asosida isloh qilish zarurligi ta’kidlandi. Kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi quvvatlarni ishga tushirish va eksport salohiyatini kengaytirish bo‘yicha aniq ko‘rsatkichlar belgilash vazifasi qo‘yildi.

Jumladan, joriy yilda kimyo sanoati mahsulotlari eksportini 720 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Qishloq xo‘jaligida kutilayotgan hosil hajmlarini ta’minlash maqsadida azotli o‘g‘itlar ishlab chiqarishni 1 million 120 ming tonnaga, fosforli o‘g‘itlarni 135 ming tonnaga, kaliyli o‘g‘itlarni esa 222 ming tonnaga yetkazish zarurligi ta’kidlandi.
Tarmoq va hududlar tomonidan joriy yilda 9,5 milliard dollarlik 133 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ularning doirasida 2,5 milliard dollar investitsiya jalb etilishi ko‘zda tutilgan. Jumladan, kimyo sanoati korxonalari va hududlarda 24 ta strategik loyiha bo‘yicha 1,3 milliard dollar investitsiyalar o‘zlashtirilib, 7 ta yangi ishlab chiqarish quvvatini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, Qo‘ng‘irot soda zavodida ishlab chiqarishni kengaytirish, “Samarqandkimyo” korxonasida mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hamda Dehqonobod kaliy zavodi quvvatlarini oshirish loyihalarining amalga oshirilishi tanqidiy ko‘rib chiqildi. Ayrim loyihalarda muddatlar asossiz cho‘zilayotgani qayd etildi. Mutasaddilarga investorlar bilan birgalikda ushbu loyihalarni jadallashtirib, qisqa muddatlarda yakunlash topshirildi.
Yig‘ilishda “Ammofos-Maksam” korxonasi faoliyati davomida to‘plangan fosfogips sanoat chiqindilarini qayta ishlash masalasi ham muhokama qilindi. Mazkur chiqindidan qo‘shimcha mahsulotlar, jumladan, sulfat kislotasi ishlab chiqarish imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, kimyo sanoatini strategik rivojlantirish uchun zamonaviy ilmiy va texnologik infratuzilmani shakllantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda kimyo-texnologiya innovatsiya markazini tashkil etish rejalashtirilgani ma’lum qilindi. Mazkur markaz gaz va ko‘mir kimyosi, chuqur kimyoviy tahlil, sorbentlar, katalizatorlar, nano va kompozit materiallar yo‘nalishlarida ilmiy tadqiqotlar olib boradi hamda Markaziy Osiyoda yagona ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lishi kutilmoqda.
Taqdimotda erituvchi moddalar, quruq sian tuzlari, kaustik soda, silikon va mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishni tashkil etish, “Farg‘onaazot” korxonasida ammiak, karbamid hamda ammiakli selitra ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, “Navoiyazot”da g‘ovaksimon selitra ishlab chiqarish, Toshkent viloyatida maishiy kimyo vositalari hamda Birinchi rezinotexnika zavodida yangi turdagi shinalar ishlab chiqarish loyihalarining borishi haqida ham ma’lumot berildi.
Moliyaviy holatni tahlil qilish va prognozlash, mineral o‘g‘itlarga ehtiyojni bashorat qilish jarayonlariga bosqichma-bosqich sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish rejalashtirilgan. Shuningdek, mineral o‘g‘itlarning korxonadan fermergacha yetib borish jarayonlarini to‘liq raqamli nazoratga olish ko‘zda tutilgan.
Hisob palatasi bilan birgalikda energiya resurslarini tejash, xomashyo xarajatlarini qisqartirish va raqamlashtirish choralarini ko‘rish orqali kimyo sanoatida mahsulot tannarxini 10–15 foizgacha kamaytirish vazifasi qo‘yildi.
Yakunda davlat rahbari kimyo sanoatidagi yirik investitsiya loyihalarini jadallashtirish, muammoli masalalarni tezkor hal qilish hamda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini belgilangan muddatlarda ishga tushirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Siyosat
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
111750
Jamiyat
94660
Jamiyat
90653
Jamiyat
75235
Jamiyat
//
Izoh yo‘q