Oʻzbekistonda moddiy madaniy meros obyektlariga zarar yetkazgan shaxslarga nisbatan jazo choralari kuchaytiriladi

Deputatlar ushbu qonun loyihasini bir ovozdan maʼqulladi.

Saqlash
15:35 / 02.11.2021 1021 0

Oʻzbekistonda tarixiy obidalarni ruxsatsiz yoki oʻz bilganicha taʼmirlash-tiklash ishlari koʻpaygani, natijada ularning tarixiy va badiiy qimmatiga jiddiy zarar yetkazilgani tufayli bunday harakatlar uchun jazo choralarini kuchaytirish rejalashtirilmoqda. Bu haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura tomonidan mamlakat boʻyicha soʻnggi uch yilda 320 ta moddiy madaniy meros obyektida amalga oshirilgan taʼmirlash-tiklash ishlari hujjatlari oʻrganilgan va koʻplab qonun buzilish holatlariga yoʻl qoʻyilgani aniqlangan. Jumladan, birgina Sitorai Mohi Xosa tarixiy majmuasida restavratsiya ishlari notoʻgʻri olib borilgani natijasida uning badiiy bezaklari, naqsh, koshinlari nobud qilinib, tarixiy va badiiy qiymatiga jami 28 milliard soʻmlik zarar yetkazilgan.

 

Amaldagi qonunchilikka koʻra, Madaniy meros departamenti Ilmiy ekspertlik kengashining ruxsatisiz madaniy meros obyektlarida biron-bir restavratsiya yoki taʼmirlash ishlarini amalga oshirish mumkin emas. Lekin ekspertlar kengashi ruxsatisiz 14 ta obyektda jami 12 454,9 million soʻmlik taʼmirlash-tiklash ishlari bajarilgan.

 

Ayrim shaxslar tomonidan, hatto mansabdorlar ruxsati bilan ming yillik tarixga ega obidalarimizga tiklab boʻlmas darajada zarar yetkazilgan. Amaldagi Jinoyat kodeksi 132-moddasiga koʻra, bu ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyatlar toifasiga kiradi va ushbu modda bilan 2017—2021-yillarda jami 14 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

 

Xabarda aytilishicha, fraksiya yigʻilishida bunday holatlarning oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan “Moddiy madaniy meros obyektlarining muhofaza qilinishi kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekistonning ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasi atroflicha muhokama qilindi.

 

Qonun loyihasida moddiy madaniy meros obyektlariga zarar yetkazgan shaxslarga nisbatan jazo choralari yanada kuchaytirilmoqda. Shuningdek, mansabdor shaxslar ishtirokida sodir etilayotgan bunday jinoyatlarni tergov qilish vakolatini prokuratura organlari tergovchilariga oʻtkazish taklif qilinmoqda. Chunki tahlillarga koʻra, Madaniy meros agentligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 2017—2021-yillarda huquqbuzarliklarni bartaraf etish boʻyicha kiritilgan 486 ta koʻrsatma va taqdimnomalarning 179 tasi bajarilmagan.

 

Loyihada sohada davlat nazoratini toʻliq taʼminlash hamda huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida Madaniy meros agentligi va uning hududiy boshqarmalarining bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma yoki taqdimnomalarini bajarmaganlik uchun ham javobgarlik kuchaytirilmoqda. Xususan, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha, bir yil davomida takror sodir etilsa, yetti baravarigacha miqdorda jarima solinishi nazarda tutilgan.

 

Deputatlar ushbu qonun loyihasini bir ovozdan maʼqulladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//