2030-yilda Oʻzbekiston aholisi 41 million kishidan oshishi kutilmoqda

Saqlash
15:27 / 14.10.2022 1541 0

2030-yilga borib, Oʻzbekiston aholisi 41 million kishidan oshishi kutilmoqda. Bu haqda Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti loyiha guruh rahbari Muhabbat Ahmedova OʻzAga bergan intervyusida maʼlum qildi.

 

Qayd etilishicha, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan oʻrganilgan ushbu tahlilda har yili oʻrta hisobda tugʻilish, mamlakat aholisi soni, uning ijtimoiy sohaga taʼsiri masalalari oʻrin olgan.

 

“Albatta, mamlakatimiz aholisi soni bilan bogʻliq tahlil qiziqarli va koʻpchilikni eʼtiborini tortadi. Olib borilgan tadqiqot natijalariga koʻra, 2030-yilgacha boʻlgan davrda har yili oʻrta hisobda 900-950 ming goʻdakning dunyoga kelishi va bunda bir ayolga toʻgʻri keladigan bolalar soni 3,17 ni tashkil etadi. 2030-yilga borganda mamlakat aholisi 41 million kishidan oshishi kutilmoqda. 3-6 yosh oraligʻidagi bolalarni maktabgacha taʼlim muassasalari bilan qamrab olish darajasi 81 foiz boʻlishi kutilyapti va buning uchun maktabgacha taʼlim muassasalarida 1 million 400 ming nafar bola uchun yangi oʻrinlar tashkil etish zarur deganidir”, — deydi Ahmedova.

 

Shuningdek, prognozlarga asosan oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 50 foizga yetadi. Bunda OTMlarning hozirgi salohiyatini 8 yil ichida 1,5-1,8-marta oshirish talab etiladi. 2030-yilgacha ambulatoriya-poliklinika muassasalari sonini 7041 taga yetkazish lozim. 2021-yilda ular 6676 tani tashkil etgan.

 

“PMTI tomonidan 2022-yilning sentyabr va oktyabr oylarida mamlakatimizda tugʻilish darajasining nima sababdan yuqori ekanligini aniqlash maqsadida soʻrov oʻtkazildi. Unda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi 25-45 yosh oraligʻida boʻlgan va 3 nafar, undan koʻp farzandlari bor 200 nafar ayol ishtirok etdi. Soʻrov natijalariga toʻxtaladigan boʻlsak, salomatligi (43,8%) va oilaviy sharoitining yaxshilanishi (47,9%) farzand koʻrishga qaror qilishdagi asosiy sabablardir. Oilalarning 36,2 foizi yana bir farzand koʻrish, 19,0 foizi oʻgʻil farzandli boʻlish, 14,3 foizi esa qiz farzandli boʻlish istagini bildirdi. Oilalarning 33,4 foizida goʻdak rejalashtirilmagan holda dunyoga kelgan”, — deydi Ahmedova.

 

Ekonometrik tahlilga koʻra, real daromadning aholi jon boshiga ulushi oshayotgani, ayollar orasidagi ishsizlik Oʻzbekistonda tugʻilishga taʼsir etuvchi omillar ekanligi, shuningdek, ayollarni oliy taʼlim bilan va bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasining oshishi tugʻilish darajasining pasayishiga olib kelishi maʼlum boʻldi.

 

Bu jarayonlar yechimi uchun qanday takliflar maʼqul koʻriladi? Savolga javob shuki, davlat qarzi ortib borayotgan sharoitda fiskal yukni yengillashtirish maqsadida taʼlim va sogʻliqni saqlash yoʻnalishida xususiy ishtirokchilar bilan tizimli ish olib borish lozim. Bunda barcha qarzlarni bartaraf etish muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun ularga litsenziya va boshqa hujjatlarni berish tizimini osonlashtirish maqsadga muvofiq. Xalq deputatlari viloyat Kengashi aʼzolari byudjet mablagʻlarini taqsimlashda va hududlarning ijtimoiy infratuzilmasini oʻrta muddatli rejalashtirishda demografik rivojlanish prognozlarini hisobga olishi zarur. Demografik prognozlarni inobatga olgan holda, taʼlim va sogʻliqni saqlash bozorining xalqaro va mahalliy ishtirokchilari, shuningdek, tegishli texnologiyalarni yetkazib beruvchilar taʼlim va sogʻliqni saqlash xizmatlariga oʻrta muddatli yuqori talab mavjud ekanligiga ishonch bilan qarashlari va Oʻzbekistonga sarmoya kiritishlari tavsiya etiladi. Nihoyat, prognoz natijalari energiya, suv va yer resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan va tadrijiy islohotlarni amalga oshirish muhimligini koʻrsatadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//