Jamiyat
Samarqand aeroporti chegara-bojxona postiga AQSH vakillari tomonidan radiatsiyani aniqlovchi ilgʻor uskunalar topshirildi. Viloyat bojxona boshqarmasi xabariga koʻra, marosimda AQSH energetika vaziri oʻrinbosari yordamchisi Kristine Bent hamda Oʻzbekiston davlat bojxona qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Ilhom Muxtorov ishtirok etdi.
Zamonaviy uskunalarning afzalligi shundaki, inson salomatligi uchun zararli boʻlgan, koʻz bilan koʻrib, qoʻl bilan ushlab boʻlmaydigan radiatsiyaviy moddalarni masofadan aniqlaydi. Qayd etilishicha, sunʼiy intellekt yoʻnalishidagi soʻnggi yutuqlarni oʻzida mujassam etgan uskunalar hozirga qadar AQSH hududidan tashqari boshqa biror mamlakatda qoʻllanmagan. Kelgusida bunday uskunalar Oʻzbekistonning boshqa bojxona postlarida ham oʻrnatilishi kutilmoqda.
AQSH energetika vazirligi va Oʻzbekiston davlat bojxona qoʻmitasi 2006-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Oʻtgan yillar davomida yadro xavfsizligi borasida qator amaliy tadbirlar amalga oshirilgan. 2017-yilda esa vazirlik va qoʻmita oʻrtasida memorandum imzolangan.
Eslatib oʻtamiz, ayni paytda Samarqandda yadro materiallarining kontrabandasiga qarshi kurashish masalalari boʻyicha Markaziy Osiyo mintaqaviy konferensiyasi boʻlib oʻtmoqda. “S5+1” formatida tashkil qilingan anjumanda AQSH, Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston va Turkmaniston vakillari qatnashmoqda. 13-oktyabrga qadar davom etadigan tadbir yadro xavfsizligini taʼminlash yoʻnalishida hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Siyosat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q