Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallalarni obod qilish va “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi boshlandi.
Maʼlum qilinishicha, joriy yilning ikkinchi yarmida «Tashabbusli byudjet» loyihasi doirasida 9 201 ta mahalla ishtirok etib, 38 mingta loyihaga 8 million aholi ovoz berdi (birinchi yarim yillikda 4 mingta mahalla qatnashgan).
Bu borada, Fargʻona, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari aholisi faol boʻldi.
Ovoz berish yakunlariga koʻra, 1 418 ta loyiha gʻolib deb topilib, ular uchun jami 1 trillion soʻm mablagʻ oʻtkazib berildi.
Prezident «Tashabbusli byudjet» loyihasini yanada kengaytirish va ommalashtirish zarurligini taʼkidladi. Shu bois, bir hafta muddatda har biri 2 mingdan ortiq aholi ovozini toʻplagan, lekin gʻolib boʻlmagan 364 ta loyiha uchun qoʻshimcha 335 milliard soʻm ajratishga koʻrsatma berildi.
200 dan ortiq aholi qoʻllab-quvvatlagan mahalla shifokorlik punktlari, oilaviy poliklinikalarni jihozlashga kelgusi yilda qoʻshimcha 200 milliard soʻm ajratiladi. Bu orqali 195 ta loyiha doirasida 600 ta mahalla aholisi qamrab olinadi.
Eslatib oʻtamiz, yaqinda saytimizda “Ochiq byudjet” loyihasi haqida fuqarolarimizning fikr-mulohazalari aks etgan maqola eʼlon qilingan edi.
Shu bilan birga, kelgusi yildan viloyat byudjetlari qoʻshimcha mablagʻlarining 30 foizi ham “Tashabbusli byudjet” loyihalariga beriladi.
Umuman, kelgusi yildan boshlab mahallalardagi infratuzilma uchun mablagʻlar faqatgina “Tashabbusli byudjet” orqali aholi ovoz bergan loyihalarga ajratilishi belgilandi. Bunda “Tashabbusli byudjet” loyihalari uchun mablagʻlar 3,5 baravarga oshirilib, 8 trillion soʻmga yetkaziladi.
“Shunda adolat boʻladi, odamlar oʻzlari hissa qoʻshgan loyihalarni, albatta asrab-avaylaydi”, dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari mutasaddilar eʼtiborini respublika boʻyicha 1,5 mingta mahalla aholisi birorta loyihaga ovoz bermaganiga qaratdi. Yaqinda mahallalarda raislar saylovi boʻlib oʻtgani, yangidan saylangan raislar odamlarga vaʼdalar bergani, lekin taqdim etilayotgan bu imkoniyatdan foydalanmayotganini koʻrsatib oʻtdi. “Mudrab oʻtirgan” raislarni faollikka chaqirish, kerak boʻlsa oʻqitish kerakligi taʼkidlandi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q