Ilm-fan
Buyuk sohibqiron Amir Temurning hayoti va faoliyati haqida oʻzbek tilida bitilgan eng eski qoʻlyozma aniqlandi. Bu haqda Oʻzbekiston madaniy merosini saqlash, oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati aʼzosi, Tojikiston Milliy universiteti professori, filologiya fanlari doktori, navoiyshunos olim Badriddin Maqsudov maʼlum qildi.
Maqsudovning aytishicha, kitobni Amir Temur haqida yozilgan va shu paytga qadar yetib kelgan turkiy qoʻlyozmalarning hozircha eng qadimiysi deyish mumkin. Ayni paytga qadar Amir Temur haqida bitilgan turkiy asarlarning eng qadimiysi 1713-yilda yaratilgan.
Kitobning xotimasida qoʻlyozma hijriy 1027-yil rajab oyi sanasi qayd etilgan. Bu 1618-yilning iyun-iyul oylariga toʻgʻri keladi. Bu asarning koʻchirilgan sanasi ekanligi va asar undan ham avval yozilgan boʻlishi mumkinligi aytilmoqda. Unda asarning yoshi yanada “ulgʻayadi”. Hozircha qoʻlyozma kimning qalamiga mansub ekani, kim tomonidan, qayerda koʻchirilgani maʼlum emas.
Asar anʼanaviy tarzda Yaratganga hamd-u sano va paygʻambarimiz (s.a.v)ga naʼt bilan boshlangan: “Hamdi behad va sanoyi beadad ul xalloqu-samovoti bigʻayri amad va fardi samadi zul-jalol va bezavol va loyazol va barkamol va ogohi kulli holgʻaki, bir pora musht xokdin ijodimizni bashariyat sharafigʻa mubaddal qildi...”.
Kitobning mundarijasi, voqealar rivoji, bayon uslubi hamda hozir aniq fikr aytish mushkul. Bu sahifalar bir qator taniqli mutaxassislar, manbashunos olimlarga koʻrsatildi. Ularning fikricha, qoʻlyozma Qoʻqonda koʻchirilgan, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” yoxud Abdulloh Hotifiyning “Temurnoma” asari asosida yaratilgan boʻlishi mumkin. Aniq xulosa esa qoʻlyozma toʻliq oʻrganib chiqilganidan keyin aytilishi qoʻshimcha qilinmoqda.
Oʻzbekiston madaniy merosini saqlash, oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqovning aytishicha, Dushanbedan topilgan bu noyob qoʻlyozmaning nusxasini Oʻzbekistonga keltirib, taniqli tarixchi va manbashunos olimlarimiz yordamida chuqur tadqiq etish rejalashtirilgan.
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q